2020 yil – Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e'lon qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoev ilm-ma'rifat va texnologiyalar rivojiga alohida ahamiyat qaratdi:
“Sharq donishmandlari aytganidek,
“Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm,
Eng katta meros – bu yaxshi tarbiya,
Eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”
Shu sababli, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Taraqqiyotga erishish uchun, raqamli bilimlar va zamonaviy axborot texnologiyalarini egallashimiz zarur va shart.
Bu bizga yuksalishning eng qisqa yo‘lidan borish imkoniyatini beradi. Zero, bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda.
Yurtimiz “Xalqaro axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish indeksi” bo‘yicha 2019 yilda 8 pog‘onaga ko‘tarilgan bo‘lsa-da, hali judayam orqadamiz.
Aksariyat vazirlik va idoralar, korxonalar raqamli texnologiyalardan mutlaqo yiroq, desak, bu ham haqiqat.
Albatta, “raqamli iqtisodiyot”ni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko‘p mablag‘ va mehnat resurslarini talab etishini juda yaxshi bilamiz.
Biroq, qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu ishga bugun kirishmasak, qachon kirishamiz?! Ertaga juda kech bo‘ladi.
Shu bois, “Raqamli iqtisodiyot”ga faol o‘tish – kelgusi 5 yildagi eng ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘ladi.
Raqamli texnologiyalar nafaqat mahsulot va xizmatlar sifatini oshiradi, ortiqcha xarajatlarni kamaytiradi.
Shu bilan birga, meni juda qattiq tashvishga soladigan va bezovta qiladigan eng og‘ir illat – korrupsiya balosini yo‘qotishda ham samarali vositadir.
Buni barchamiz teran anglab olishimiz darkor.
Davlat va jamiyat boshqaruvi, ijtimoiy sohada ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etib, natijadorlikni oshirish, bir so‘z bilan aytganda, odamlar turmushini keskin yaxshilashi mumkin.
Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida, men yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”, deb nom berishni, taklif etaman”.
Davlatimiz rahbarining taklifi qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.