Buxoro viloyatida IIV huzuridagi Tergov departamenti hamda M va FRBB tashabbusi bilan seminar bo‘lib o‘tdi
Respublikamizning har bir hududi o‘ziga xos boy madaniy meros, milliy qadriyatlar o‘chog‘i ekanligi shubhasiz. Buxoro vohasi ham shular jumlasidan. Viloyatda barcha yo‘nalishlarda izchil amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar, bunyodkorlik va boshqa ijtimoiy sohalardagi ijobiy qadamlar bugun xavas qilsa arzigulik. Xususan, aholi tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, mol-mulklarini ishonchli muhofaza qilish, ularni qiynab kelayotgan muammolarini tinglab, ijobiy hal qilish borasida viloyat ichki ishlar organlari tomonidan namunali faoliyat yo‘lga qo‘yilgan desak, adashmaymiz!
O‘zbekiston Respublika IIV huzuridagi Tergov departamenti hamda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi tashabbusi bilan mazkur yo‘nalishlarda Buxoro viloyatidagi amaliy ish tajribani o‘rganish va Respublikaning boshqa hududlarida ham ommalashtirish, ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha aholiga sifatli xizmat ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida joriy yilning 27-28 iyul kunlari Buxoro viloyati IIBda Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB, viloyatlar IIB huzuridagi Tergov boshqarmalari, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalari rahbar va xodimlari, shuningdek Davlat Personallashtirish markazi mutaxassisi ishtirokida seminar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminarni o‘tkazishdan asosiy maqsad, eng avvalo aholining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarini o‘rganish, ular tomonidan bildirilgan pasport tizimi bilan bog‘liq taklif va e’tirozlarini tahlil qilgan holda fuqarolarga qisqa muddatlarda tez va sifatli xizmat ko‘rsatilishini yo‘lga qo‘yish, bu borada joylardagi tizimli muammolarni muqokama qilib, o‘zaro tajriba almashish orqali respublika bo‘yicha yagona amaliyotni joriy qilishdan iborat.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish hamda O‘zbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 26.12.2018 yildagi PQ-4079-sonli Qarori talablari asosida fuqarolarimizga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish borasida aholi tomonidan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Fuqarolarning bu kabi murojaatlarini qisqa muddatlarda hal qilish, aholiga uzluksiz xizmat ko‘rsatish va ularga qulayliklar yaratish maqsadida mehnat qonunchiligi talablariga zid bo‘lmagan hamda xodimlarning huquqlari poymol etilmagan holda joylardagi M va FRB xodimlari tomonidan haftaning dam olish - shanba va yakshanba kunlari ham fuqarolarga xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish, shuningdek ushbu kunlari xizmatda bo‘lgan xodimlarga haftaning boshqa kunlarida bir kun to‘liq dam olishlari uchun sharoit yaratib berish borasida kelishib olindi.
Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish orqali fuqarolarimizning pasport tizimi bilan bog‘liq masalalarini tez fursatlarda hal qilinishiga imkon yaratib, ularning ortiqcha ovoragarchiliklariga chek qo‘yish nazarda tutilmoqda. Bu esa muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ta’kidlanganidek, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyilning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tashrif davomida migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati tomonidan 2019 yilning birinchi yarim yilligi davomida amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar chuqur muhokama qilinib, ularni bartaraf etgan holda ish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga viloyatda xotin-qizlar jinoyatchiligini oldini olish borasida “Buxoro tajribasi” asosida yo‘lga qo‘yilgan faoliyat tartibi atroflicha tushuntirildi.
Seminar ishtirokchilari tasdiqlangan dasturga muvofiq aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida yaratilgan shart-sharoitlar va xodimlarning ish uslublari bilan yaqindan tanishish uchun Buxoro viloyati IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining qayta ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinishga keltirilgan ma’muriy binosida bo‘lishdi. Bu erdagi Respublikaning boshqa hududlarida uchramaydigan bir jihat mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Gap shundaki, aholiga yanada qulaylik yaratish, ularni turli byurokratik hujjatbozliklardan xalos etish, xodim va fuqaro o‘rtasidagi korrupsion holatlarga chek qo‘yish maqsadida viloyat M va FRBda xodimlar tomonidan alohida maxsus jihozlangan umumiy zalda fuqarolarga xizmat ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yilgan. SHuningdek, bu erda viloyatga tashrif buyurgan sayyohlarning vaqtini tejash maqsadida xalqaro valyuta ayirboshlovchi bankomat o‘rnatilgan.
Shu bilan birga, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi asosida xizmat tashkil etilgan Buxoro shahar IIO FMB 3-son Ichki ishlar bo‘limi, Buxoro shahridagi Davlat xizmatlari agentligi, viloyat 3-sektor shtabi faoliyati bilan tanishdilar. IIV Akademik litseyida faoliyat yuritayotgan Malaka oshirish instituti filialining faoliyati esa mehmonlarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
Tashrifning ikkinchi kuni ham bir qator tadbirlar bilan esda qolarli bo‘ldi. Dastlab G‘ijduvon tumani IIO FMB 1-son IIBning ochilish marosimida qatnashgan mehmonlar u erdagi xizmat sharoitlari bilan tanishgan bo‘lsalar, so‘ngra Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi yangi binosining foydalanishga topshirish marosimida ham qatnashdilar. Marosimda viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi boshlig‘ining 1-o‘rinbosariga yangi “Lasetti” hamda M va FRB boshlig‘iga yangi “Neksiya-3” xizmat avtomashinasining kaliti topshirildi.
Bundan tashqari, mehmonlar ko‘hna va boqiy Buxoroning tarixiy yodgorliklari hamda ziyoratgohlarida bo‘lishdi.
Birinchi marotaba tashkil etilayotgan, qizg‘in bahs va munozaralarga boy tarzda kechgan bunday o‘ziga xos tadbir (seminar) ikki kun davom etdi. Tadbir davomida belgilab olingan chora-tadbirlar, o‘zaro tajriba almashish natijalari shubhasiz, kelgusida aholining mazkur yo‘nalishdagi muammolarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.