O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti va uning quyi tizimlarining joriy yildagi 6 oylik faoliyati muhokama qilindi
2019 yil 10 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari polkovnik D.B.Tashxodjaev raisligida, Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi, Ekspert-kriminalistika bosh markazi hamda Tergov departamenti va uning quyi tizimlarining joriy yildagi 6 oylik faoliyati muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda dastlab Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi, Ekspert-kriminalistika bosh markazi hamda ularning quyi tizimlarida joriy yilning 6 oyida amalga oshirilgan ishlar va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar muhokama qilindi hamda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berildi.
Shundan so‘ng, Tergov departamenti va uning quyi tizimlarining joriy yildagi 6 oylik faoliyatiga to‘xtalib o‘tildi. Unda, Tergov departamenti va uning quyi tizimlari tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida jami 18 635 ta jinoyat ishlari tergov qilinganligi hamda tergov davomida jami 146,9 mlrd. so‘mlik moddiy zarar aniqlanib, shundan 124,0 mlrd so‘mi (84,4 %) undirilganligi qayd etildi.
Shuningdek, o‘tgan davrda Tergov departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan 8 966 ta jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 32,1 %ga yoki 4 229 taga kamaygan. Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 8 169 tasi hal etilib, murojaatlarning 4 375 tasi (53,6 %) qanoatlantirilgan hamda murojaat mualliflariga javob xatlari yuborilgan.
Ichki ishlar organlari tergov bo‘linmalari xodimlarini «xalq manfaatlariga xizmat qilish» mas'uliyatini yanada oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qisqa muddatlarda hal etish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida hududiy tergov rahbarlari zimmasiga joylarda sayyor qabullarni o‘tkazish vazifasi yuklatildi.
Videoselektor yig‘ilishi yakunida joriy yildagi 6 oylik faoliyati davomida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbar hamda xodimlar ogohlantirilib, ularni bartaraf qilish hamda kelgusida bu kabi holatlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti