O‘zbekistonda kosmik tarmoq uchun kadrlar tayyorlanadi
Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "2020-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi kosmik tarmog‘ini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Konsepsiyasiga ko‘ra, kosmik tarmoq faoliyatining dastlabki ishchi rejasini ishlab chiqish, quyidagi yo‘nalishlarda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy sohasi, fan, mudofaa va xavfsizlik ehtiyojlarini qondirish uchun kosmik texnika, texnologiyalar va xizmatlarni bosqichma-bosqich rivojlantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq loyihalar va tadbirlar ro‘yxati tayyorlanadi:
- Yerni masofadan zondlash;
- kosmik komplekslar va aloqa tizimlari;
- koordinata-vaqt va navigatsion ta’minot;
- fundamental va amaliy kosmik tadqiqotlar;
- kosmik texnologiyalarning amaliy yo‘nalishlari.
2020-2030 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasining kosmik tarmog‘ini rivojlantirish davlat dasturi ishlab chiqiladi.
O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga kiritish uchun texnik-iqtisodiy asoslash asosida aniq loyiha takliflarini va infratuzilma loyihalari ishlab chiqiladi.
Mahalliy va chet el oliy o‘quv yurtlarida kosmik tarmoq uchun kadrlar tayyorlash tashkil qilinadi.
Kosmik loyihalarni amalga oshirish uchun chet el investitsiyalarini jalb qilish, davlat-xususiy sheriklik aloqalari rivojlantiriladi.
Eslatib o‘tamiz, kosmik tarmoqning rivojlanishi bilan ustuvor vazifalar to‘ldirilishi va o‘zgarishi mumkin.