Tergov bo‘linmalari xodimlarining bilim saviyasini oshirish tergov sifatini yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 aprel kunidagi “Ichki ishlar organlarining jinoyatlarni tergov qilish sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2898-son Qaroriga asosan ichki ishlar organlarining tergov bo‘linmalarida bir qator islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, tergov bo‘linmalarida xizmat qilayotgan xodimlarning bilim saviyasini oshirish, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash hamda tergov bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hozirgi kunda Tergov departamentining tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyat IIBB, viloyatlar IIB huzuridagi Tergov boshqarmalari, Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi tergov faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi hamda ularning quyi tizimlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish yuzasidan o‘quv rejalari ishlab chiqildi.
Jumladan, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan o‘quv rejasiga asosan tergov boshqarmasi va tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmalari huzuridagi tergov bo‘linmalari xodimlarining kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qisqa muddatlarda va sifatli ko‘rib chiqilishi, shuningdek jinoyat-protsessual qonunchilikka og‘ishmay rioya qilinishi hamda yurituvda bo‘lgan jinoyat ishlarining sifatli tergov qilinishini ta’minlash maqsadida haftaning har shanba kunlari tergov boshqarmasining malakali rahbar va xodimlari tomonidan quyi tergov bo‘linmalari xodimlari uchun o‘quv seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi. Mazkur o‘quv seminar mashg‘ulotlariga sud, prokuratura va ekspertiza muassasalari xodimlari ham jalb etib kelinayotganligi idoralararo hamkorlikni mustahkamlash bilan birga tergov bo‘linmalari xodimlarining bilim saviyasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti