Sudlar tomonidan oqlov hukmlari chiqarilishi bilan bog'liq faoliyati tahlil qilindi
Sud-tergov faoliyatida huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining birinchi darajali e'tibori qonun hujjatlari talablariga og'ishmay va qat'iy rioya etishga qaratilishi, ularga rioya qilishdan har qanday chekinish, qanday sabablarga ko'ra kelib chiqqanidan qat'iy nazar, qonuniylikni buzish sifatida baholanib, javobgarlikka sabab bo'lishi qayd etildi.
2018 yil 24 avgust kuni Tergov departamentida Oliy sud, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining tergov tizimlari xodimlari bilan videokonferentsaloqa yordamida o'tkazilgan yig'ilishda sud-huquq tizimidagi ustuvor vazifalarga yana bir bor to'xtalib o'tildi. Shu jumladan, tergov bo'linmalari tomonidan ayblov xulosalari bilan sudlarga yuborilgan hamda sud muhokamasi natijasiga ko'ra oqlov hukmi chiqarilgan jinoyat ishlari yuzasidan tergov davrida yo'l qo'yilgan kamchiliklar tahlil qilindi.
Tahlil natijalariga ko'ra, 2018 yilning 7 oyida 68 ta jinoyat ishi bo'yicha 77 nafar shaxs oqlangan. Bu ko'rsatkich o'tgan yilning shu davrida 14 nafarni tashkil etgan.
Yig'ilish tanqidiy ruhda o'tkazilib, Bosh prokuratura, Oliy sud va Tergov departamenti vakillari tomonidan kelgusida tergov sifatini oshirish bo'yicha bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Bunda asosiy e'tibor jinoyat ishlarini soniga emas, balki sifatiga qaratilib, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda aybi bo'lmagan hech bir shaxsni javobgarlikka tortilmasligi ustuvor vazifa etib belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti