Buxoro viloyati IIBda navbatdagi ochiq muloqot: murojaatlarning huquqiy yechimi ta'minlandi
Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasida aholini qiynayotgan huquqiy va ijtimoiy masalalarga tezkor yechim topish maqsadida navbatdagi shaxsiy qabul tashkil etildi. Viloyat IIB boshlig‘ining o‘rinbosari - Tergov boshqarmasi boshlig‘i tomonidan o‘tkazilgan ushbu muloqotda asosiy e'tibor har bir fuqaroning qonuniy haq-huquqlarini himoya qilishga qaratildi. Uchrashuvda odamlar o‘zlarini qiynayotgan muammolar bilan bevosita rahbariyatga yuzlanish imkoniga ega bo‘ldilar.
Qabul jarayonida yigirmadan ziyod yurtdoshlarimizning murojaatlari birma-bir tinglandi. Ularning aksariyati tergov harakatlarida xolislik va adolatni ta'minlash, firibgarlik holatlari oqibatida ko‘rilgan moddiy zararlarni undirish, shuningdek, yo‘l harakati xavfsizligiga oid masalalardan iborat bo‘ldi. Mutasaddilar tomonidan har bir murojaatchining dardi diqqat bilan eshitilib, ularga amaldagi qonunchilik asosida batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi.
Muloqot natijasiga ko‘ra, darhol hal qilish imkoni bo‘lgan qator murojaatlar shu joyning o‘zida qanoatlantirilib, fuqarolarning muammolari bartaraf etildi. Qo‘shimcha huquqiy tekshiruvlarni va chuqur o‘rganishni talab etadigan murakkab holatlar esa alohida nazoratga olindi. Bu bo‘yicha sohaga mas'ul rahbarlarga aniq muddatli ko‘rsatmalar berilib, ijrosi qat'iy nazoratga olinganligi ta'kidlandi. Bu kabi ochiq uchrashuvlar fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lishining oldini olish bilan birga, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti