O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Navoiy viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari Nurota tumanidagi “Chashma” tarixiy majmuasini ziyorat qilishdi

Joriy yilning 29 sentabr kuni Navoiy viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi tizimlari xodimlari Nurota tumanida joylashgan “Chashma” tarixiy majmuasini ziyorat qilishdi.

Mazkur chashma suvi minglab kilometr yerosti yo‘laklaridan soniyasiga 290 litr miqdorida oqib chiqadi. Chashma suvi qishin-yozin bir xil — 19,5 daraja iliq bo‘ladi.

Ming yillar davomida oqib turgan chashmaning muzlashi hech kuzatilmagan, u minerallashgan yumshoq ichimlik suvidir. Aniqlanishicha, mazkur suvning tarkibida oltin moddasi bor, u oshqozon-ichak xastaliklariga davo. Suvdagi yod moddasi buqoq kasalligiga, noyob brom moddasi esa asab kasalliklariga shifo ekanligi qadimdan ma’lum. Uning tarkibidagi kumush eritmasi esa suv tarkibi yaxshi saqlanishini ta’minlaydi.

Chashma suvining 80 foizi yer qa’ridan chiqib tursa, qolgan 20 foizi yerosti yo‘laklaridan va quduq tomonidan kelib butun shaharga hayot baxsh etadi. Mazkur chashmadan tarixda eng ko‘pi soniyasiga 460 litrgacha suv chiqqan bo‘lsa, qurg‘oqchilik yillari eng kami soniyasiga 180 litr suv chiqqan.

Muqaddas chashma suvidan bugungi kunda ko‘plab ziyoratchilar va chet eldan kelgan sayyohlar ham olib ketadilar.

Nurota chashmasining baliqlari tog‘ daryolarida uchraydi, fan tilida sutbaliq, ya’ni daryo marinkasi deb ataladi. Mazkur baliqlar o‘rtacha 17 yil yashab, umri davomida chashma suvi chiqadigan ariqchalarni qumlardan tozalaydi, suvning mo‘tadil kelishini ta’minlab, hatto uni filtrlab beradi.

Qizig‘i shundaki, baliqlar hech qanday tashqi ozuqasiz, suv tarkibidagi mikrorganizmlar va minerallardan oziqlanib yashayveradi. Shu bois o‘tmishda ba’zilar ularni “avliyobaliq” deb ham atashgan.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, bu kabi ziyoratlar xodimlarning ma’naviy-madaniy bilimlarini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O’zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti

Text to speech