DAXLDORLIK HISSI BILAN
Bugungi kunda barcha sohalarda malakali kadrlar jamiyat taraqqiyotini belgilovchi asosiy kuchga aylandi. Xususan, ichki ishlar organlari tizimida ham xodimlar yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lishi, fuqarolar bilan muomala madaniyatini oshirishi, zimmasidagi masʼuliyatli vazifani vijdonan bajarishi asosiy talablardan etib belgilandi.
Ana shunday malakali, zamonaviy fikrlaydigan, jonkuyar soha fidoyilaridan biri IIV huzuridagi Tergov departamenti Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi korrupsiya, firibgarlik va iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlarni tergov qilish bo‘limining o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi, polkovnik Xurshid Yakubovdir.
IIV Akademiyasining bakalavr va magistratura bosqichlarini muvaffaqiyatli tugatgan lavhamiz qahramoni, mana 20 yildan ortiq vaqt mobaynida aynan tergov sohasida samarali xizmat qilib kelmoqda. U har qanday qonun buzilishi holatlariga nisbatan jazo muqarrarligini taʼminlash, murakkab va ko‘p hajmli jinoyat ishlarini sifatli tergov qilish, ochilmay qolgan jinoyatlarni fosh etish, jabrlanuvchilarga va davlatga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash choralarini ko‘ryapti. Bu borada boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilmoqda.
O‘tgan 2023 yil davomida X.Yakubov tomonidan rahbariyat nazoratida bo‘lgan, vazirlikning quyi tergov tizimlarida ko‘p yillar davomida o‘z echimini topmasdan fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘lib kelayotgan murakkab va ko‘p hajmli jami 8 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borildi. Jumladan, 14 nafar shaxsga nisbatan 5 ta jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari tamomlanib, yakuniy qaror qabul qilinib, fuqarolarning davlat organlaridan roziligiga erishilgan. Shuningdek, 5 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» hamda 1 nafar shaxsga nisbatan “garov” tarzidagi ehtiyot choralari qo‘llanilgan. Bundan tashqari, aybdor shaxslar tomonidan fuqarolar va davlatga yetkazilgan jami 10 milliard so‘mdan ortiq zararning 80 foizdan ortiqrog‘i qoplangan.
O‘qituvchilar oilasida dunyoga kelganman. Ota-onam bizlarni el-yurt koriga yaraydigan insonlar qilib voyaga yetkazishgan. Bizlardagi Vatan, xalq taqdiriga daxldorlik HISSI bilan yashash, burchga sadoqat, halollik kabi fazilatlar oilada shakllangan, – deydi polkovnik Xurshid Yakubov.
Darhaqiqat, lavhamiz qahramoni faoliyati davomida qanday yutuqlarga erishgan bo‘lsa, bularning barchasi ota-onasining tarbiyasi, duolari sharofatidan. Qolaversa, bunda yillar davomida to‘plagan hayotiy tajribasi, egallagan kasbiy bilim va ko‘nikmalari ham asqatmoqda.
Endi o‘zi ham turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda to‘rt nafar farzandini ota-onasining yo‘rig‘ida tarbiyalamoqda.
Shohrux ABDUSALOMOV, kapitan.