O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhi 44-sessiyasida ishtirok etdilar

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish borasida, xususan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarga qarshi kurashish hamda inson huquqlarini himoya qilishning boshqa yo‘nalishlarida samarali choralar ko‘rmoqda. Ushbu baho BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhining 44-sessiyasida O‘zbekistonning 4-milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi asnosida yangradi.

O‘zbekistonning 4-milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishiga bag‘ishlangan ushbu sessiyada ishtirok etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi 2023 yil 8-10 noyabr kunlari Jenevada bo‘ldi.

O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan 6 noyabrdan – 17 noyabrga qadar o‘tkaziladigan sessiyada milliy ma’ruzalari ko‘rib chiqiladigan 14 davlatdan biri hisoblanadi. Mamlakatimizning Universal davriy sharh bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi milliy ma’ruzalari 2008 yil dekabr, 2013 yil aprel va 2018 yil may oylarida ko‘rib chiqilgan.

O‘zbekistonning milliy ma’ruzasi yuzasidan 84 ta davlat vakillari so‘zga chiqdi. Deyarli barcha delegatsiyalar vakillari O‘zbekiston tomonidan Universal davriy sharh bo‘yicha 2013 va 2018 yillarda bo‘lib o‘tgan muhokamalar davrida berilgan tavsiyalarni izchil bajarish, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan ochiq va amaliy muloqotni rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan amaliy qadamlarni ijobiy baholadilar.

Bir qator davlatlar O‘zbekistonda insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini kafolatlashga qaratilgan konstitutsiyaviy islohot o‘tkazilganini olqishladi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi misolida mamlakatning inson huquqlarini rag‘batlantirish va ta’minlashga hamda bu sohadagi xalqaro majburiyatlarini bajarishga sodiqligi yaqqol namoyon bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan BMT tuzilmalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlari e’tirof etildi. Bunga BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning  2023yil mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yorqin misol bo‘la oladi.

O‘zbekistonning, ayniqsa, paxta terimi davrida bolalar mehnati va majburiy mehnatiga barham berish, shuningdek, odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi yutuqlari BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo mamlakatlar tomonidan ijobiy baholandi.

Milliy ma’ruza muhokamasi davomida O‘zbekiston tomonidan: BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish; bolalar huquqlarini himoya qilish, Bolalar ombudsmanini ta’sis etish, onalar va bolalar o‘limini kamaytirish; inson huquqlari sohasidagi ta’limning uzluksiz tizimini shakllantirish; ayollar huquqlari va gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish; so‘z va ommaviy axborot vositalari erkinligini qo‘llab-quvvatash; korrupsiyaga qarshi kurash olib borish; qiynoqlarga qarshi kurashish kabi sohalarda ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi e’tirof etildi.

Sessiya ishtirokchilari O‘zbekiston Hukumatining nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlarini ta’minlash va ularga imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalalariga qaratayotgan e’tiborini hamda O‘zbekiston tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ratifikatsiya qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muhokamalar chog‘ida O‘zbekistonning qator xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi yuzasidan ayrim davlatlar tomonidan tavsiyalar berildi.

Aksariyat davlatlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatladi. Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosat olib borish, inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning institutsional va huquqiy asoslarini takomillashtirish sohalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlarni izchil davom ettirish tavsiya etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech