O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

“Eng kam ish haqi” o‘rniga endi “Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori” ishlatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 29 oktyabrdagi majlisida muhokama etilgan, jamoatchilik uchun qiziqarli masalalardan yana biri — “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Ushbu loyiha mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 21 maydagi “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. Farmon bilan mehnatga haq to‘lash, pensiya tayinlash hamda soliq, davlat bojlari, jarimalar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni undirish o‘rtasidagi shartlarning bog‘liqligini bartaraf etish maqsadida 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab, ish haqining eng kam miqdori o‘rniga:

- 634 880 so‘m miqdorida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori;

- 223 000 so‘m miqdorida bazaviy hisoblash miqdori;

- 223 000 so‘m miqdorida pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori joriy etilgan edi.

Ushbu o‘zgarishlar ko‘pchilikda endi oylik maoshlar, pensiyalar hamda to‘lovlar qanday hisob-kitob qilinadi, degan qiziq va muhim savolni uyg‘otgan edi.

Aytish mumkinki, mazkur qonun loyihasining maqsadi qaysidir ma’noda, ana shu savollarga huquqiy javob bo‘lib, u mehnatga haq to‘lash, pensiyalar tayinlash hamda soliqlar, davlat bojlari, jarimalar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni undirish o‘rtasidagi shartlarning bog‘liqligini bartaraf etishni ko‘zda tutadi.

Ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy sohaga, xususan budjet-soliq munosabatlariga oid ayrim farmonlarining qabul qilinishi munosabati bilan mazkur loyiha asosida ish haqi, pensiya, nafaqa va jarimalar miqdorlarining bazaviy miqdorini belgilovchi amaldagi 55 ta qonun hujjatiga, shuningdek, Bojxona, Soliq, Budjet kodekslariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ularga ko‘ra, “eng kam ish haqi” jumlalari tegishincha “mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori”, “bazaviy hisoblash miqdori”, “pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori” jumlalariga almashtirilmoqda.

Text to speech