Tergov departamenti va uning quyi tizimlarida navbatdagi o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi
Joriy yilning 5 oktabr kuni Farg‘ona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi mas’ulligida “Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish uslubi, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilishda hodisa sodir bo’lgan joyni ko‘zdan kechirishning o‘ziga xos xususiyatlari, tayinlanadigan ekspertiza turlari hamda ularni o‘tkazish tartibi, amaliyotda kelib chiqayotgan muammolar” mavzusida videokonferensaloqa tizimi orqali o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.
Seminarda Tergov departamenti va uning quyi tergov bo‘linmalari, Jinoyat ishlar bo‘yicha Quva tuman sudi raisi Z.Omonov, viloyat prokuraturasi ichki ishlar organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Toshboltayev, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Farg‘ona viloyat filiali sud ambulatoriya bo‘limi mudiri, tibbiyot fanlari nomzodi S.Toshboyev, Advokatlar palatasi Farg’ona viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i U.Butaboyevlar ishtirok etishdi.
Seminar davomida Farg’ona viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i S.Turdiyev “Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilish uslubi, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilishda hodisa sodir bo’lgan joyni ko‘zdan kechirishning o‘ziga xos xususiyatlari, tayinlanadigan ekspertiza turlari hamda ularni o‘tkazish tartibi, amaliyotda kelib chiqayotgan muammolar” mavzusida, Z.Omonov “Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda tergov xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar” mavzusida, S.Toshboyev esa “Og‘ir tan jarohatlarining sud-tibbiy ekspertizasi jarayonidagi masalalar” mavzusida ma’ruza qilishdi.
Shundan so‘ng seminar savol-javob shaklida davom ettirilib, ishtirokchilar qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlari, amaliyotda kelib chiqayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi.
Hozirda reja asosida o‘quv-seminar mashg‘ulotlari davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti