O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Davlatimiz rahbari – Nagoya universitetining faxriy doktori

Davlatimiz rahbarining ta'lim sohasini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi hamda ilm-fan va akademik almashinuvlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun, shuningdek, O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan iqtisodiyotni liberallashtirish va barqaror taraqqiyotga erishish borasidagi islohotlar e'tirofi sifatida Nagoya universitetining ilmiy kengashi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga universitet faxriy doktori unvonini berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Universitetda uning rahbariyati, professor va o‘qituvchilari, talabalari hamda Nobel' mukofoti sovrindorlari ishtirokida davlatimiz rahbariga ushbu yuksak ilmiy unvonni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

 

Marosimda Nagoya universiteti prezidenti Seyichi Masuo so‘zga chiqib, O‘zbekiston rahbari ikki mamlakat o‘rtasida ilm-fan sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga katta e'tibor qaratayotgani, ushbu qaror ta'lim sohasidagi uzoq muddatli va istiqbolli hamkorlikni yanada kengaytirishga tomonlarning intilishi ifodasi ekanini ta'kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘z nutqida o‘zbek va yapon xalqlarini o‘xshash milliy va axloqiy qadriyatlar bilan birga ilm-fan va tafakkurga, kamolotga doimo intilib yashash kabi ezgu fazilatlar birlashtirib turishini ta'kidladi. Zamonaviy dunyoda inson kapitali, intellektual salohiyat, innovasion g‘oyalar, yuqori texnologiyalar jadal va barqaror taraqqiyotning fundamental asosini tashkil qilayotganini qayd etdi.

 

– Bu unvonni, men avvalo O‘zbekiston xalqiga ko‘rsatilgan ehtirom ifodasi, deb qabul qilaman va buning uchun Nagoya Universiteti rahbariyatiga, uning ilmiy jamoasiga chuqur minnatdorchilik bildiraman, – dedi davlatimiz rahbari.

 

Prezidentimiz O‘zbekiston ta'lim va fan sohalaridagi keng miqyosli islohotlar haqida so‘zladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Yaponiya hamkorligida ulkan ishlar amalga oshirilganini qayd etib, ayni vaqtda bu borada ishga solinmagan imkoniyatlar ham borligini ta'kidladi hamda qator takliflarni ilgari surdi. Bu boradagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida ilmiy-akademik almashuvlar va texnologiyalar transferi bo‘yicha O‘zbekiston-Yaponiya qo‘shma fondini tashkil qilishni taklif etdi.

Ushbu fond ilmiy tadqiqotlarni, ikki mamlakat yosh olimlarining birgalikdagi ilmiy izlanishlarini moliyalashtirish, talaba va professor-o‘qituvchilar almashuvi bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Prezidentimiz O‘zbekiston – Yaponiya azaliy do‘stligining ramzi sifatida mamlakatimizda o‘zbek va yapon tillarida chop etilgan bir qancha kitob va al'bomlarni Nagoya universiteti kutubxonasiga taqdim etdi.

 


 

Text to speech