Davlatimiz rahbari Yaponiyaga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 dekabr kuni Yaponiyaga rasmiy tashrif dasturidagi birinchi manzil – Nagoya shahriga keldi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Tyubu xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Yaponiya rasmiy doiralari vakillari kutib oldi.
Yaponiya – O‘zbekistonning strategik sherigi. Bundan 28 yil muqaddam – 1991 yil dekabr' oyida Kunchiqar mamlakat O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan edi. 1992 yil yanvar oyida mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan. Shundan buyon do‘stlik va o‘zaro hamkorlik munosabatlari izchil rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda.
Tashrifning asosiy tadbirlari 18 dekabr kuni boshlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Nagoya va Tokio shaharlarida qator ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar o‘tkazadi.
Nagoyada Aichi prefekturasi va shahar meriyasi rahbarlari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, Nagoya universitetiga tashrif buyurish ko‘zda tutilgan.
Shu kuniyoq Yaponiya Bosh vazirining o‘rinbosari, moliya vaziri Taro Aso, parlamentdagi "O‘zbekiston-Yaponiya" do‘stlik ligasi faollari hamda Yaponiyaning yetakchi kompaniya va banklari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.