Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari Akademiya kunduzgi taʼlimining kursantlari bilan muloqot qildi
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari – Tergov departamenti boshligʻi, polkovnik Yahyo Abdulhakov Akademiya kunduzgi taʼlimining “tergov faoliyati” yoʻnalishini tamomlayotgan kursantlar bilan muloqot qildi.
Davra suhbatida mamlakatimiz sud-huquq tizimidagi izchil islohotlar haqida soʻz bordi. Vazir oʻrinbosari shaxs huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab, davlatimiz rahbarining “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori talablariga toʻxtaldi.
Uning qayd etishicha, ishni sudga qadar yuritish bosqichida raqamli texnologiyalardan yetarli darajada foydalanilmaslik oqibatida ayrim holatlar yuzaga kelayotgan edi. Yuqoridagi qaror bilan bu masala oʻz yechimini topdi. Ish yuritishning elektron shaklga oʻtishi jinoyatlarni tez va toʻliq fosh etishga, ish boʻyicha muhim boʻlgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida olishga hamda protsessual muddatlar buzilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Ochiq muloqotda kursantlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Tergov departamenti tomonidan oʻquv yilini aʼlo baholarga tamomlayotgan bir guruh yoshlar ragʻbatlantirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati