O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari polkovnik Ramazon Ashropovning Namangan viloyatiga amalga oshirgan xizmat tashrifi doirasida tergov faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Namangan viloyatida tergov faoliyatini yana-da takomillashtirish va uni yangi bosqichga ko‘tarish, ichki ishlar hamda prokuratura organlari tizimida faoliyat yuritayotgan tergov xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tergov faoliyati sifatini tubdan yaxshilash, uning xolisligi va shaffofligini taʼminlash hamda har bir jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishiga erishish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Oliy sud hamkorligida Namangan viloyati IIBda mazkur seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyev, Oliy sud sudyasi Elbek Turg‘unboyev, Huquqni muhofaza qilish Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, viloyat IIB hamda uning quyi tuzilmalari tergovchi va surishtiruvchilari, viloyat prokuraturasi masʼul rahbarlari, tuman va shahar prokurorlarining sohaviy o‘rinbosarlari hamda tergovchilari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Seminarning asosiy maqsadi tergov jarayonlarini takomillashtirish, ish yuritishda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, dalillarni to‘plash va baholash sifatini oshirish, shuningdek, tergovchilarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, raqamli izlarni aniqlash, ularni to‘g‘ri protsessual rasmiylashtirish, elektron maʼlumotlarni saqlab qolish va qonuniy tartibda mustahkamlash, shuningdek, tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.

Shu bilan birga, kiberjinoyatlarni fosh etishda tezkor maʼlumot almashinuvini taʼminlash, elektron qurilmalar va onlayn platformalar bilan ishlashda eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar muhokama qilindi.

Mashg‘ulot munozara, amaliy misollar va savol-javob tarzida tashkil etildi.

Bunday o‘quv-amaliy seminarlar hududlarda muntazam tashkil etilib, tergov sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari tizimli ravishda davom ettiriladi.

Tergov departamenti

Text to speech