Ichki ishlar vazirligining bayonoti
Bugun butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus kasalligining mamlakatimizda tarqalishining oldini olish hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlash ichki ishlar organlarining eng asosiy vazifalaridan biri bo'lib qolmoqda.
Jumladan, karantin rejimi davrida xavfsizlik va jamoat tartibini ta'minlash uchun tuzilgan tezkor shtablar tahlillariga ko'ra, joriy yilning 27 fevralidan 27 martiga qadar mamlakatimizga chegara orqali kirib kelgan jami 852 896 nafar fuqarolar chegara xizmati va tibbiyot xodimlari bilan birgalikda ko'rikdan o'tkazilgan. Tibbiy ko'rik davomida epidemik vaziyat noxush bo'lgan davlatlardan kelgan 91 106 nafar shaxslar aniqlanib, yashash manzili bo'yicha 14 kunlik tibbiy kuzatuvga yuborilgan.
Bugungi kunda, karantinga olinganlarning 25 595 nafari Sog'liqni saqlash vazirligining xulosasi asosida tibbiy kuzatuvdan chiqarilgan bo'lib, 65 511 nafari tibbiy kuzatuvda qolmoqda.
Tibbiy kuzatuvdagi shaxslardan 15 335 nafari shifoxonalarda, 50 176 nafari uy sharoitida saqlanmoqda. Uy sharoitida karantin o'tayotgan fuqarolar, belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish va aholining xotirjamligini ta'minlash maqsadida, har bir uyga Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari, shuningdek, mahalla raisi va tibbiyot xodimlari biriktirilgan.
Maxsus ajratilgan davolash va boshqa muassasalarda “umumiy karantin”da saqlanayotgan, tibbiy kuzatuvdagi shaxslarning belgilangan qoidalarga rioya qilishlari, karantin tartiblarini buzib tashqariga chiqishlarini oldini olish, bir so'z bilan aytganda, sanitariya cheklovlarini ta'minlash maqsadida, ushbu maskanlar Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari hamda Ichki ishlar va Milliy Gvardiya xodimlari tomonidan qo'riqlovga olingan.
CHet ellarda bo'lgan yurtdoshlarimizni mamlakatimizga qaytarish borasidagi sa'y-harakatlar natijasida, bugungi kunga kelib, 20 ta avia va 14 ta temir yo'l reyslari orqali xorijiy mamlakatlarda bo'lgan 7 682 nafar fuqarolar mamlakatimizga evakuatsiya qilinib, 38 ta tibbiyot muassasalariga joylashtirildi.
SHu bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 176-son qarori ijrosini ta'miinlash maqsadida ham Ichki ishlar vazirligi tomonidan bir qator kechiktirib bo'lmas tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2020 yil 24 mart soat 00:01 dan boshlab koronavirus infektsiyasi asosan Toshkent shahri hududida aniqlanganligini inobatga olib va ushbu infektsiyani respublikaning boshqa hududlariga tarqalishining oldini olish maqsadida boshqa hududlardan Toshkent shahriga avtotransport vositalarining kirib kelishini to'xtatish choralari ko'rildi.
Tartibni to'laqonli amalga oshirish maqsadida Toshkent shahrida faoliyat ko'rsatayotgan 10 ta YPX maskani, 14 ta blok va to'siq postlarda hamda Toshkent viloyatining shahar bilan chegara hudularidagi 14 ta blok va to'siq postlarda xodimlarning xizmat faoliyati kuchaytirildi.
SHuningdek, Toshkent viloyati hududidan avtotransport vositalarining Toshkent shahriga kirib kelishi mumkin bo'lgan 61 ta aylanma yo'llar aniqlanib, ushbu yo'llarni yopish choralari ko'rildi.
Bundan tashqari, bugungi vaziyatdan kelib chiqib, mamlakatimizning boshqa hududlarida faoliyati to'xtatilgan 21 ta YPX maskani hamda 60 ta blok va to'siq postlarning faoliyati qayta tashkil etildi.
Hozirda jami 50 ta YPX maskani, 90 ta blok va to'siq postlarda Ichki ishlar organlari, Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiya xodimlari kuchaytirilgan tarzda xizmat olib bormoqdalar.
Barcha postlarga Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligining xodimlari jalb etilib, transport vositalarini dezinfektsiya qilish ishlari yo'lga qo'yildi hamda Toshkent shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infektsiyasi alomatlarini aniqlash bo'yicha majburiy tibbiy nazorat o'rnatildi.
YUrtdoshlarimizning zarur bo'lmagan hollarda uydan chiqmasliklari, avtoulovlarning tirbandliklarini yuzaga keltirmasliklari yuzasidan tushuntirishlar olib borilmoqda. YUqoridagi harakatlarning barchasi respublikamiz hududida ushbu xavfli infektsiyaning keng tarqalib ketishining oldini olish, har bir yurtdoshimiz salomatligini qat'iy muhofaza qilishga qaratilgan.