O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Internetdagi Telegram ijtimoiy tarmog‘ida tarqalgan “Daxshat Namanganda tadbirkorni qo‘lini qayirib, ketidan tepib mashinaga solishdi” nomli video va foto maqola yuzasidan rasmiy maʼlumot

Namangan. 2020 yilning 17 dekabr kuni soat 13:00 da 48 yoshli Tursunpo‘lat I., Namangan shahar Soxil MFY hududida joylashgan qurilish obyektida ishchi sifatida ishlayotgan vaqtida Namangan viloyati hokimligi ishchi guruhi tarkibida noqonuniy qurib olingan binolarni buzish jarayonida ishtirok etayotgan 28 yoshli Ximoyiddin U., bilan og‘zaki tortishib, uni shaharsozlik norma talablariga zid ravishda noqonuniy qurilayotgan binoni buzish haqidagi talabiga bo‘ysunmasdan, uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, qo‘li bilan yuziga urib, tan jarohati yetkazganligi aniqlangan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida, fuqaro Ximoyiddin U., ning badanida aniqlangan jarohatlari “o‘rtacha og‘ir” tan jarohatlari ekanligi ko‘rsatilgan. 

Mazkur holat yuzasidan 2020 yilning 29 dekabr kuni Namangan shahri bo‘yicha IIO FMB 1-sonli IIB Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “a” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha olib boriladigan surishtiruv harakatlari davomida janjalda ishtirok etgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi taʼminlanadi. 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Ichki ishlar organlari to‘g‘risidagi Qonunining 22-moddasida ko‘ra, Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan qanday hollarda jismoniy kuch ishlatilishiga ruxsat berilganligi belgilab qo‘yilgan:

Agar kuch ishlatilmaydigan usullar ichki ishlar organi xodimining zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, u quyidagi hollarda shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi:

jinoyatlarga va maʼmuriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish uchun;

jinoyatlar yoki maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan shaxslarni eng yaqindagi ichki ishlar organiga yoxud huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib borish va bu shaxslarni ushlab turish uchun;

ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish uchun;

Ichki ishlar organi xodimi ushbu Qonunda maxsus vositalar yoki o‘qotar qurol qo‘llanilishiga ruxsat etilgan hollarda ham jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega.

Bundan tashqari, yuqoridagi video maqolada “tadbirkorning qo‘lini qayirib” degan jumla noto‘g‘ri talqin qilingan bo‘lib, IIB xodimlari jismoniy kuch ishlatib, kurash usullarini qo‘llagan fuqaro yaʼni Tursunpo‘lat I., tadbirkor emasligi, balki qurilishda ishlayotgan ishchi ekanligi aniqlangan. Shu sababdan, fuqarolarimiz hamda jurnalist va blogerlardan ijtimoiy tarmoqlarga maqola yoki post joylashtirayotganda yolg‘on axborot tarqatib, xalqimizda Ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga sababchi bo‘lib qolmasliklarini so‘rab qolamiz. Zero, yolg‘on axborot tarqatish qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.


O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti
 

Text to speech