O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ishni sudga qadar yuritishda yagona tergov axborot tizimi: afzalliklar va ustuvor vazifalar

IIV Akademiyasining Dastlabki tergov va kriminalistika kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan davra suhbati davlatimiz rahbarining 2022-yil 28-yanvardagi “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori talablariga bag‘ishlandi.

Vazirlikning tegishli sohaviy xizmati vakillari, amaliyot xodimlari hamda kunduzgi ta’lim kursantlari qatnashgan tadbirni kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Baxtiyorjon Murodov ochib, sud-huquq tizimining istiqbollariga to‘xtaldi.

Shundan so‘ng IIV huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Oybek Qulbekov “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritdi. Qayd etilganidek, qaror bilan Yagona tergov axborot tizimi doirasida surishtiruv va tergov organlari bilan elektron hamkorlikni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud ma’lumotlar surishtiruv va tergov organlarining elektron so‘rovi bo‘yicha bepul asosda taqdim etiladi. Yagona tergov axborot tizimi joriy yilning 1-avgustidan to‘liq ishga tushiriladi. Shunga ko‘ra, surishtiruv va tergov organlari xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari negizida tashkil etiladi.

Davra suhbatida “tergov faoliyati” ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan kursantlarga ishni sudga qadar yuritishda yagona tergov axborot tiziminining afzalliklari batafsil tushuntirildi. Shuningdek Prezidentimiz tomonidan 2021-yil 26-martda qabul qilingan “Jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon hamda Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-avgustdagi “Ichki ishlar organlarida eng yaxshi xodimlarni aniqlash bo‘yicha respublika tanlovini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida istiqboldagi vazifalar yuzasidan mulohazalar bildirildi.

Tadbir so‘nggida nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarni puxta o‘zlashtirib kelayotgan bir guruh kursantlar Tergov departamentining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Text to speech