O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O’zbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasining Seul shahrida bo’lib o’tgan Xalqaro politsiya sammitidagi ishtiroki yakunlari

Joriy yilning 20-23 oktyabr kunlari Seul shahrida Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi tomonidan tashkil etilgan Ikkinchi xalqaro politsiya sammiti bo’lib o’tdi. O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonov boshchiligidagi IIV delegatsiyasi ham ushbu nufuzli tadbirda ishtirok etdi.

Sammit butun dunyo politsiya tashkilotlari o’rtasida an’anaviy tarzda o’tkaziladigan yirik tadbirlardan biridir. Unda o’ttizdan ortiq xorijiy davlatdan kelgan 100 nafardan ziyod vakil qatnashdi.

Sammit doirasida O’zbekiston Respublikasi IIV delegatsiyasining Korea Police world Expo-2019 ko’rgazmasiga ham tashrifi uyushtirildi.

Ko’rgazmada ishtirok etgan kompaniya xodimlari Koreyaga tashrif buyurgan huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarini xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi so’nggi ishlanmalar bilan tanishtirishdi.

Mehmonlar uchun zamonaviy qurol-yarog’, maxsus texnika, tekshiruv uskunalari, patrul avtomobillari, ko’chma laboratoriyalar va jamoat tartibini saqlashga oid vazifalarni bajarishga mo’ljallangan pilotsiz uchuvchi apparatlar, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatida qo’llaniladigan maxsus kiyim-bosh va texnika namunalari namoyish etildi.

Shaxsni identifikatsiya qilish sohasida foydalaniladigan ilg’or texnologiyalar, shuningdek, biometrik ma’lumot skanerlari, shaxsni aniqlash tizimi hamda yirik shahar sharoitida yo’l harakatini nazorat qilish uslublari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg’otdi.

Sammit doirasida O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po’lat Bobojonov Koreya Respublikasi Milliy politsiya agentligi bosh komissari Min Gab Ryong bilan muzokara olib bordi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash masalalarini, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishi, terrorizm, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish muammolarini, bu sohalarda ma’lumot almashish amaliyotini takomillashtirish bo’yicha vazifalarni, o’zaro aloqalarni rivojlantirish va kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishdi.

Uchrashuv va muzokara natijalariga ko’ra, tomonlar idoralar o’rtasidagi hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga, tajriba almashish bo’yicha qo’shma seminar va treninglar o’tkazishga, ikki davlatning poytaxtlari o’rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga kelishib olishdi.

 O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati

Text to speech