Deputatlar qanday qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi?
2019 yil 7 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Hukumat a’zolari, qator vazirlik, idoralar, davlat tashkilotlari va jamoat birlashmalari vakillari bilan bir qatorda, xalq deputatlari Toshkent shahri va poytaxt tumanlari Kengashlari deputatlari ham qatnashdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Majlisda deputatlar mamlakatda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.
Qizg‘in muhokama etilgan masalalardan biri «Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan ma’muriy nazorat to‘g‘risida»gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining jinoyat qonunchiligi hujjatlariga muvofiq, amaliyotda ayrim toifadagi shaxslar, xususan, xorijiy mamlakatlarda bo‘lgan davr mobaynida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ustidan ma’muriy nazorat o‘rnatiladi. Shu nuqtai nazardan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1992 yildagi amaldagi qonunning yangi tahriri tariqasida kiritilgan ushbu loyiha retsidiv va boshqa jinoyatlarning oldini olishda samarali vosita bo‘lgan ma’muriy nazorat institutini yanada takomillashtirishga qaratilgan. Deputatlarning ta’kidlashicha, ozodlikdan mahrum etish joylaridan chiqqandan keyin ma’muriy nazoratga olingan shaxslar tomonidan jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, mahkumni tuzatish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirishga xizmat qiladigan mazkur qonun loyihasi bir paytning o‘zida ichki ishlar organlarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyati samaradorligini oshirishga ham yordam beradi.
Loyiha norma ijodkorligi talablaridan kelib chiqib, mas’ul qo‘mita tomonidan jiddiy ishlandi va yangi, tugal qonun shakliga keltirildi. Unga ko‘ra, 21 ta modda qayta ishlab chiqildi va 6 ta yangi modda kiritildi. Qonundagi havolaki normalar chiqarib tashlandi. Nazoratni o‘rnatish, amalga oshirish, nazoratni tugatishni o‘zida ifoda etgan normalarga aniqlik kiritildi. Ma’muriy nazorat o‘rnatiladigan shaxslar toifasi qisqartirildi, bunday shaxslarga belgilanadigan cheklovlarga aniqlik kiritilib, ularning soni kamaytirildi. Ma’muriy nazoratni muddatidan oldin olib tashlashni belgilovchi normalar bilan boyitildi. Ana shunday jiddiy o‘zgarishlardan so‘ng loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunga aylandi. Muhokamalar, tortishuvlardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Shundan so‘ng deputatlar shaxsning aqli rasolikni istisno qilmaydigan ruhiy nuqsonlari aniqlangan shaxslarga nisbatan qo‘llanishi ko‘zda tutilgan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari hamda bunday choralarni qo‘llash tartibi bo‘yicha Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishini ko‘zda tutadigan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.
Prezidentimizning 2018 yil 16 martdagi “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tayyorlangan ushbu qonun loyihasi bilan yuqoridagi kodekslarga ijtimoiy xavfli qilmishlarni sodir etgan, aqli rasolikni istisno qilmaydigan ruhiy holati buzilganlikdan aziyat chekuvchi shaxslar uchun jazo bilan birgalikda tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash tartibini belgilash hamda majburlov choralarini o‘tash tartibini aniqlashtirishga doir tegishli o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun hujjatlarida sud-psixiatriya ekspertizasi o‘tkazishda aniqlanishi lozim bo‘lgan masalalardan biri shaxsning aqli rasolikni istisno qilmaydigan ruhiy nuqsonlari bor-yo‘qligi bilan bog‘liq omildir. Hozirgi kunga qadar sud-psixiatriya ekspertizasi jarayonida ushbu toifadagi shaxslar aniqlanishiga qaramay, qonunchilikda ularga nisbatan hech qanday majburiy davolash choralari ko‘zda tutilmagan. Loyihaning qabul qilinishi aqli rasolikni istisno etmaydigan ruhiy buzilishlari aniqlangan, sud tomonidan jazo tayinlangan shaxslarga nisbatan jazo bilan birgalikda tayinlanadigan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash va ularni psixiatr shifokorlarning nazoratisiz qoldirmaslikka imkon beradi.
Qonun loyihasi yuzasidan kechgan muhokamalar jarayonida deputatlar ushbu hujjat inson taqdiriga daxldorligini inobatga olib, qonun tashabbuskorlariga bir qator hayotiy savollar bilan murojaat etdi. Bahs-munozaralar yakunida mazkur loyihani norma ijodkorligi talablariga to‘la javob beradigan qilib yanada pishiq-puxta ishlash taklifi ilgari surildi. So‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yildi. Biroq u etarlicha ovoz ololmadi va qayta ishlash uchun mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.
Shundan keyin deputatlar «Yaylovlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini muhokama qildilar.
Quyi palataning bir guruh deputatlari tashabbusi bilan tayyorlangan mazkur qonun loyihasi muhokamasi chog‘ida qayd etilganidek, bugungi kunda yurtimizda yaylov va pichanzorlarning umumiy maydoni 21,1 million gektarni yoki mamlakat er maydonining 46,5 foizini tashkil etadi. Ammo keyingi 35-40 yil davomida ko‘chma chorvachilikda yaylovlardan me’yordan ortiq foydalanish, mollarni yaylovlarda ortiqcha boqish hamda boshqa antropogen ta’sirlar natijasida chorva ozuqasi hajmi kamayib, yaylov erlari inqirozga yuz tutmoqda. Tahlillarga ko‘ra, hozirgi kunga kelib mamlakatimizdagi yaylov maydonlaridan 16,4 million gektari (78 foizi) inqirozga uchragan, 20 foizdan ortiq maydondagi yaylov va pichanzorda o‘simliklar soni hamda turlari kamayib, mahsuldorlik 2 barobarga qisqargan.
Yaylovlardan foydalanish bo‘yicha samarali huquqiy mexanizm yaratilmagani, mazkur sohadagi munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus qonun qabul qilinmagani, yaylovlardan oqilona foylanish yuzasidan davlat boshqaruvi organlarining vakolatlari aniq belgilanmagani, mol boqish va pichan o‘rish me’yorlari va rejalari belgilanmagani natijasida respublikadagi yaylovlarning holati yildan-yilga yomonlashib bormoqda.
Majlisda ta’kidlanganidek, deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi bilan yaylovlardan oqilona foydalanishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari yaratiladi. Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari belgilanadi. Inqirozga uchragan yaylov maydonlarini aniqlash va ularni tiklash, hosildorligini oshirish uchun ozuqabop ekinlarni ekish ishlari tashkil etiladi. Oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi hamda aholiga go‘sht va sut mahsulotlarini etkazib berish ko‘payadi. CHorvachilikda yaylovlardan foydalanishning me’yorlari belgilanadi.
Shundan so‘ng deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari B.Alixonovning “Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) ta’sischi davlatlari rahbarlari sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbuslari va takliflari mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka etkazish bo‘yicha amaliy tadbirlar Dasturi to‘g‘risida”gi axborotini tingladilar.
Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida BMTning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondining tuzilishi o‘zbek diplomatiyasining katta yutug‘i bo‘ldi, degan edi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbari tomonidan 2018 yil 24 avgustda Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi sammitida bir qator muhim tashabbuslar qatorida, 2018 yil iyun oyida Toshkent shahrida Orol fojiasi oqibatlarini yumshatishga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyaning asosiy xulosa va tavsiyalarini hisobga olgan holda Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sherikli Trast fondini tashkil etish tashabbusi ilgari surilgan edi. 2018 yil 27 noyabrda esa, Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi doirasida O‘zbekistonda Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosida BMTning Trast fondini ishga tushirishga doir oliy darajadagi tadbir o‘tkazildi va amaliy ish (“Yo‘l xaritasi”) ko‘rsatilgandan so‘ng fond o‘z faoliyatini boshladi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan mazkur tashabbus va takliflarni o‘z vaqtida, samarali amalga oshirish maqsadida Amaliy sa’y-harakatlar rejasi hamda ustuvor milliy dasturlar va loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan. Shu bilan birga, ushbu tashabbus va takliflar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka etkazish bo‘yicha Amaliy tadbirlar dasturi va Media-rejasi ishlab chiqilgan.
Majlisda deputatlar tomonidan mazkur dastur va media-reja atroflicha muhokama qilinib, parlament quyi palatasi Kengashining tegishli qarori tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.Abduhakimovga «Toshkent shahri hamda Navoiy viloyatining Navoiy shahrida aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy yordam ko‘rsatishni samarali tashkil qilish choralarini ko‘rish to‘g‘risida» hamda «Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari uchun belgilangan shtat miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovlarini yuborish haqidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.