O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga doir dolzarb masalalar kun tartibida

2018 yil 17 noyabr kuni Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Unda Respublika Komissiyasi va 1-mintaqaviy Ishchi guruhi a’zolari, senator va deputatlar hamda mas’ul idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Respublika Komissiyasi 1-mintaqaviy Ishchi guruh tomonidan Respublika Komissiyasi hamda Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining 2017 yil 12 dekabr kungi Qo‘shma qarori ijrosi, viloyatda joriy yilning o‘n oyida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan davr mobaynida viloyatda ushbu yo‘nalishda   muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan Respublika Komissiyasi hamda Xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining 2017 yil 12 dekabr kungi Qo‘shma qarori viloyat hokimligi tomonidan davlat va nodavlat tashkilotlari, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari va hokimliklariga hamda quyi turuvchi tashkilot va idoralarga yuborilib, ijroga qaratilgan.  Profilaktik ishlar doirasida viloyatning jinoyat ko‘p sodir etilgan mahallalari tanlanib,  ushbu fuqarolar yig‘inlarini bu yo‘nalishdagi namunaviy mahallaga aylantirishga qaratilgan “yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi va ijro etilmoqda.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizda amaliyotga tatbiq etilgan “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolat” tizimi doirasida vakolatli davlat idoralari, mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitasi va yoshlar tashkilotlari tomonidan jinoyatning tub sabablari va uni keltirib chiqargan barcha shart-sharoitlar o‘rganilib, jinoyat qayta sodir etilmasligi uchun zarur chora-tadbirlar, aybdorlarga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi doirasida qat’iy choralar ko‘rilayotganini ta’kidladilar.

O‘tgan davrda olib borilgan ishlar natijasida viloyatdagi 1031 ta mahallaning 201 tasida bironta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Qolaversa, voyaga yetmaganlar, ishlamaydiganlar, ilgari sudlanganlar, ayollar va yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishi holatlari birmuncha kamaygan.

Biroq yutuqlar qatorida viloyatda ayrim yo‘nalishlarda kamchiliklar ham borligi aniqlangan. Xususan, tahlil etilayotgan yo‘nalishda sektorlar faoliyati hamda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi natijasida viloyatda qasddan odam o‘ldirish, bosqinchilik, odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l transport hodisasi kabi og‘ir jinoyatlar soni Farg‘ona, Qo‘qon, Quvasoy, Marg‘ilon shaharlari, Oltiariq, Quva, Buvayda, Bog‘dod, Beshariq, Qo‘shtepa, Toshloq, So‘x,  Rishton Farg‘ona, Furqat tumanlarida  oshgan. Bunday noxush statistik manzaraning sabablari tahlil etilar ekan, aksariyat hollarda jinoyatlar sodir etilishiga oilaviy munosabatlarning keskinlashuvi, fuqarolar iqtisodiy holatining yomonlashuvi, qolaversa, mahalla va jamoatchilikning notinch oilalarga nisbatan loqaydligi sabab bo‘layotganligi qayd etildi. Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda barpo etilayotgan fuqarolik jamiyatining asosiy tamoyillaridan biriga ko‘ra, fuqarolar nafaqat o‘z huquq va burchlarini yaxshi bilishi va ularga amal qilishi, balki yon-atrofda sodir bo‘layotgan barcha voqealarga nisbatan xushyor bo‘lishi, o‘zaro hamjihatlikda ish ko‘rishi, zarur holatlarda yordam ko‘rsatishi lozim. Shu ma’noda yig‘ilishda mutasaddi idoralar tomonidan fuqarolar orasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish, odamlardagi mas’uliyat xissini oshirish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek yig‘ilishda ta’lim muassasalari, Yoshlar ittifoqi, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiyalar va boshqa mutasaddi idoralar faoliyati ham kutilgan natijalarni bermaganligi qayd etildi. Jumladan, voyaga yetmaganlar va yoshlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar umumiy jinoyatlarning qariyb uchdan birini (38,3%) tashkil etgan.

Ko‘ngilochar maskanlarida tungi vaqtlarda voyaga yetmaganlarning bo‘lganligi aniqlanib, ularning katta qismi maktab o‘quvchilari ekanliklari qayd etildi. Shu o‘rinda “bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan ezgu naql o‘tmishda qolib ketayotganligi, yurtdoshlarimiz qo‘ni-qo‘shni va yaqinlari tugul, o‘z farzandlari tarbiyasiga yetarlicha e’tibor qaratmayotganliklari ta’kidlanib, vaziyatni o‘zgartirish uchun avvalo ta’lim muassasalarining ota-onalar bilan ishlashini kuchaytirish, kerak bo‘lsa, o‘z bolalari tarbiyasiga yetarlicha ahamiyat bermayotganlarga nisbatan zarur ta’sir choralarini ko‘rish lozimligi uqtirildi.

Tadbir yakunida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Komissiyasi hamda xalq deputatlari Farg‘ona viloyat Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Yig‘ilishda Respublika Komissiyasi Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

Text to speech