O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Kun tartibida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish masalalari

2018 yil 22 dekabr kuni Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish Samarqand viloyati tumanlari bilan bog‘langan holda videokonferentsiya tarzida o‘tkazildi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Unda Respublika komissiyasi va 4-mintaqaviy Ishchi guruh a’zolari, senator va deputatlar hamda mas’ul idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyatda joriy yilning o‘n bir oyida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Xususan, hududda umumiy jinoyatchilik va jinoyat-qidiruv sohasidagi jinoyatlar oshmagan bo‘lsa-da, biroq tumanlar kesimida, ayniqsa ayrim mahallalarda  huquqbuzarliklar soni ortganligi ta’kidlandi. Jumladan, viloyatdagi 1087 ta mahallaning 838 tasida yoki 77,1 foizida huquqbuzarliklar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilib, ularning deyarli har to‘rtinchisida jinoyatlar soni oshgan.

Bunga hududlardagi kriminogen vaziyat va jinoyatlar dinamikasi to‘liq tahlil qilinmaganligi, yetarli malaka, ish staji va tajribaga ega bo‘lmagan profilaktika inspektorlarining tayinlanishi hamda kuch va vositalarning to‘g‘ri taqsimlanmaganligi omil bo‘layotgani qayd etildi. Qolaversa, ba’zi mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlari jamoatchilik manfaatlari yo‘lida jon kuydirish u yoqda tursin, hattoki o‘zlari qing‘ir yo‘llarga qadam qo‘yayotgani joylarda noxush statistikaning hanuz kamaymayotganiga qisman sabab bo‘lmoqda. Jumladan, hisobot davrida Samarqand viloyatidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining 7 nafar xodimi (5 nafar mahalla raisi, 2 nafar mas’ul kotib) tomonidan jinoyatlar sodir etilgani afsus bilan qayd etildi. 

Yig‘ilishda urg‘u berilgan yana bir masala voyaga yetmaganlar tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilayotgani bo‘ldi. Qayd etilganidek, bunday jinoyatlar soni Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om, Paxtachi, Narpay tumanlarida ortgan. O‘smirlar jinoyatchiligining asosiy sabablari qatorida ular orasidagi profilaktika ishlarining talab darajasida yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi. Biroq, bu muammo kompleks xususiyatga ega ekanligi ta’kidlanib, bunda nafaqat huquq-tartibot organlari, balki jamoatchilik tuzilmalari va, eng avvalo, oila instituti muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida aytib o‘tildi.

Tadbir yakunida Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha Respublika komissiyasi hamda xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Yig‘ilishda Respublika komissiyasi Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.

Text to speech