O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Mintaqada barqaror taraqqiyotga erishish yoʼlida

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muzokaralari kengaytirilgan tarkibda davom etdi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan. 

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev majlis ishtirokchilarini qutlar ekan, ikkinchi Maslahat uchrashuvining oʼtkazilishi manfaatlarning oʼzaro mushtarakligi, mamlakatlarimiz mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb masalalari boʼyicha ochiq muloqot va birgalikda qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqlashini taʼkidladi.

Markaziy Osiyo doimo oʼzining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bogʼlaydigan noyob koʼprik boʼlib xizmat qilib kelgani qayd etildi. Bugungi kunda mintaqada ulkan tabiiy zaxiralar, katta insoniy salohiyat mavjud, dunyoning oʼzaro raqobatga kirishayotgan qudratli davlatlari manfaatlari kesishgan. 

Shu va boshqa omillar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka taʼsir etadigan yirik beqarorlik oʼchoqlari bevosita yaqin hududlarda joylashgani mintaqa mamlakatlari oldiga barqarorlik, yangi xavf-xatar va tahdidlar vujudga kelishi, bunday sharoitda mintaqaviy hamkorlik qanday olib borish kerakligi xususida murakkab masalalarni qoʼymoqda.

 

– Siyosiy iroda va amaliy qadamlarimiz tufayli biz hamkorlikning yanada yuqori bosqichiga koʼtarilmoqdamiz, – dedi davlatimiz rahbari. – Bizning hamjihatligimiz va faol saʼy-harakatlarimiz koʼpqirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Biz qisqa muddatda birgalikda, amalda oldinga siljishga erishdik.
Xususan, Oʼzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi soʼnggi yillarda 2 barobarga, qoʼshma korxonalar soni 4 barobarga oʼsdi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan chegaralarning huquqiy rasmiylashtirish ishlari yakunlanish arafasida, oltmishga yaqin oʼtish punktlarining toʼlaqonli faoliyati taʼminlandi, vizalar bekor qilindi. Ishbilarmonlik va hududlararo aloqalar, transport qatnovlari, madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib bormoqda.
Oʼtgan yili Oʼzbekistonda birinchi Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi hamda mamlakatlarimizning bosh vazirlari oʼrinbosarlari darajasida Ishchi guruhning dastlabki uchrashuvi boʼlib oʼtdi. 
Bularning barchasida barqaror bir tendentsiya – davlatlarimizning mustaqil roli va umumiy kelajak uchun masʼuliyati kuchayib borayotgani namoyon boʼlmoqda, deb taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoev. Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo davlatlari mintaqaviy va global masalalar boʼyicha tobora koʼproq umumiy pozitsiyadan turib fikr bildirayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
– Bizning mintaqadagi oʼzaro yaqinlashuvimiz va hamkorlikni kengaytirishimiz – bu zamon talab qilayotgan va orqaga qaytmaydigan jarayon ekanini taʼkidlamoqchiman. U qatʼiy siyosiy qarorga asoslangan boʼlib, chuqur tarixiy omillarga ega va kimningdir manfaatlariga qarshi qaratilgan emas, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari uchrashuv ishtirokchilarini savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi vazifalarni amalga oshirish uchun butun kuch va imkoniyatlarni safarbar etishga chaqirdi. 
Shu munosabat bilan, Markaziy Osiyo investitsiya forumi va mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalarining ilk yigʼilishini oʼtkazish, shuningdek, Transport kommunikatsiyalari boʼyicha mintaqaviy kengash tuzishni tezlashtirish, “Bir sayohat bilan butun mintaqa boʼylab” tamoyili asosida qoʼshma dasturlarni ilgari surish uchun Xalqaro turizm konferentsiyasini tashkil etish taklif etildi. 
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari Parlamentlararo doʼstlik guruhini taʼsis etish hamda “Markaziy Osiyo – yagona oʼtmish, umumiy kelajak” shiori ostida madaniy-gumanitar almashuv platformasining yaratilishi bizning barcha xalqlarimiz manfaatlariga javob berishi taʼkidlandi. 
Prezidentimiz ilm-fan, madaniyat va sanʼat sohalarida erishilgan salmoqli yutuqlar uchun Markaziy Osiyo mukofotini taʼsis etish, shuningdek, universitetlar forumlari va mintaqaviy sport oʼyinlarini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
– Har yili Navroʼz bayrami arafasida navbati bilan har bir mamlakatda Markaziy Osiyo madaniyat kunlarini oʼtkazishni muhim deb hisoblaymiz. Bularning barchasi qardosh xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoev.

 

Suvdan birgalikda foydalanishning dolzarb masalalarini, mintaqaning murakkab suv va ekologik muammolarini hal qilishning barcha uchun maqbul yechimini izlash oʼzaro kelishilgan yondashuvlarni talab etadi. Innovatsion texnologiyalarni jalb qilish, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini tatbiq etish, choʼllashishni bartaraf qilish va boshqa kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Oʼzbekiston Prezidenti BMT shafeligidagi Orolboʼyi mintaqasi uchun Trast fondi imkoniyatlarini samarali ishga solishni taklif etdi.
Eng muhim ustuvor vazifa – mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlashdan iborat ekanini hisobga olib, davlatimiz rahbari Oʼzbekiston zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga keng miqyosda qarshi turish uchun mamlakatlarimizning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari va maxsus xizmatlarining operativ hamkorlik qilishi boʼyicha ishchi mexanizmlarni yaratish tarafdori ekanini taʼkidladi.
– Аfgʼoniston mintaqamizning uzviy bir qismidir. Ushbu diyorga tinchlik va taraqqiyot yoʼliga qatʼiy qadam qoʼyishi uchun yordam berish – barchamizning umumiy manfaatlarimizga toʼliq mos keladi. Muammoni siyosiy yoʼl bilan hal qilish borasidagi asosiy tamoyillarga amal qilish zarur deb hisoblaymiz. Аvvalambor, bu – zoʼravonlikdan voz kechish, oʼt ochishni toʼxtatish, muloqot va murosaga tayyorlikni namoyon etishdan iborat, – dedi Shavkat Mirziyoev.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Аfgʼonistonda muhim infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ushbu mamlakatni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga faol jalb etishga qaratilgan kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish oʼta muhimdir.
Prezidentimiz bu ustuvor vazifalar Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish boʼyicha Yagona qarash hujjatida oʼz aksini topishiga ishonch bildirdi. 
Shavkat Mirziyoev uchrashuv ishtirokchilarini oʼzaro hamkorlikning asosiy maqsad va tamoyillarini kelishib olishga, inson, kapital, tovar va xizmatlarning harakati, shuningdek, keng madaniy-gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratib berish, Markaziy Osiyoda doʼstlik, yaxshi qoʼshnichilik va sheriklikni mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini shakllantirish va yoʼlga qoʼyishga chaqirdi.
Turkmaniston Prezidentining taklifiga binoan davlat rahbarlari Qozogʼistonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboevni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvining Faxriy raisi etib bir ovozdan sayladilar.

 

----------------------------------------------------------------------------------------------------

Марказий Осиё давлатлари раҳбарларининг музокаралари кенгайтирилган таркибда давом этди.

Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев мажлис иштирокчиларини қутлар экан, иккинчи Маслаҳат учрашувининг ўтказилиши манфаатларнинг ўзаро муштараклиги,  мамлакатларимиз минтақавий тараққиётнинг энг долзарб масалалари бўйича очиқ мулоқот ва биргаликда қарорлар қабул қилишга тайёр эканини яна бир бор яққол тасдиқлашини таъкидлади.

Марказий Осиё доимо ўзининг бой маданий-тарихий мероси билан Европа, Яқин Шарқ, Жанубий ва Шарқий Осиёни боғлайдиган ноёб кўприк бўлиб хизмат қилиб келгани қайд этилди. Бугунги кунда минтақада улкан табиий захиралар, катта инсоний салоҳият мавжуд, дунёнинг ўзаро рақобатга киришаётган қудратли давлатлари манфаатлари кесишган. 

Шу ва бошқа омиллар, шунингдек, минтақавий ва халқаро хавфсизликка таъсир этадиган йирик беқарорлик ўчоқлари бевосита яқин ҳудудларда жойлашгани минтақа мамлакатлари олдига барқарорлик, янги хавф-хатар ва таҳдидлар вужудга келиши, бундай шароитда минтақавий ҳамкорлик қандай олиб бориш кераклиги хусусида мураккаб масалаларни қўймоқда.

– Сиёсий ирода ва амалий қадамларимиз туфайли биз ҳамкорликнинг янада юқори босқичига кўтарилмоқдамиз, – деди давлатимиз раҳбари. – Бизнинг ҳамжиҳатлигимиз ва фаол саъй-ҳаракатларимиз кўпқиррали минтақавий ҳамкорлик учун янги имкониятларни очиб берди. Биз қисқа муддатда биргаликда, амалда олдинга силжишга эришдик.

Хусусан, Ўзбекистоннинг Марказий Осиё мамлакатлари билан товар айирбошлаш ҳажми сўнгги йилларда 2 баробарга, қўшма корхоналар сони 4 баробарга ўсди. Биргаликдаги саъй-ҳаракатлар билан чегараларнинг ҳуқуқий расмийлаштириш ишлари якунланиш арафасида, олтмишга яқин ўтиш пунктларининг тўлақонли фаолияти таъминланди, визалар бекор қилинди. Ишбилармонлик ва ҳудудлараро алоқалар, транспорт қатновлари, маданий-гуманитар алмашинувлар кенгайиб бормоқда.

Ўтган йили Ўзбекистонда биринчи Марказий Осиё иқтисодий форуми ҳамда мамлакатларимизнинг бош вазирлари ўринбосарлари даражасида Ишчи гуруҳнинг дастлабки учрашуви бўлиб ўтди. 

Буларнинг барчасида барқарор бир тенденция – давлатларимизнинг мустақил роли ва умумий келажак учун масъулияти кучайиб бораётгани намоён бўлмоқда, деб таъкидлади Президент Шавкат Мирзиёев. Давлатимиз раҳбари Марказий Осиё давлатлари минтақавий ва глобал масалалар бўйича тобора кўпроқ умумий позициядан туриб фикр билдираётганини мамнуният билан қайд этди.

– Бизнинг минтақадаги ўзаро яқинлашувимиз ва ҳамкорликни кенгайтиришимиз – бу замон талаб қилаётган ва орқага қайтмайдиган жараён эканини таъкидламоқчиман. У қатъий сиёсий қарорга асосланган бўлиб, чуқур тарихий омилларга эга ва кимнингдир манфаатларига қарши қаратилган эмас, – деди Президентимиз.

Давлатимиз раҳбари учрашув иштирокчиларини савдо-иқтисодий, инвестициявий, транспорт-коммуникация ва энергетика соҳаларидаги вазифаларни амалга ошириш учун бутун куч ва имкониятларни сафарбар этишга чақирди. 

Шу муносабат билан, Марказий Осиё инвестиция форуми ва мамлакатларимиз савдо-саноат палаталарининг илк йиғилишини ўтказиш, шунингдек, Транспорт коммуникациялари бўйича минтақавий кенгаш тузишни тезлаштириш, “Бир саёҳат билан бутун минтақа бўйлаб” тамойили асосида қўшма дастурларни илгари суриш учун Халқаро туризм конференциясини ташкил этиш таклиф этилди. 

Бундан ташқари, Марказий Осиё мамлакатлари Парламентлараро дўстлик гуруҳини таъсис этиш ҳамда “Марказий Осиё – ягона ўтмиш, умумий келажак” шиори остида маданий-гуманитар алмашув платформасининг яратилиши бизнинг барча халқларимиз манфаатларига жавоб бериши таъкидланди.  

Президентимиз илм-фан, маданият ва санъат соҳаларида эришилган салмоқли ютуқлар учун Марказий Осиё мукофотини таъсис этиш, шунингдек, университетлар форумлари ва минтақавий спорт ўйинларини ташкил этиш таклифини илгари сурди.

– Ҳар йили Наврўз байрами арафасида навбати билан ҳар бир мамлакатда Марказий Осиё маданият кунларини ўтказишни муҳим деб ҳисоблаймиз. Буларнинг барчаси қардош халқларимизни янада яқинлаштиришга хизмат қилади, – деди Шавкат Мирзиёев.

Сувдан биргаликда фойдаланишнинг долзарб масалаларини,  минтақанинг мураккаб сув ва экологик муаммоларини ҳал қилишнинг барча учун мақбул ечимини излаш ўзаро келишилган ёндашувларни талаб этади. Инновацион технологияларни жалб қилиш, “яшил иқтисодиёт” тамойилларини татбиқ этиш, чўллашишни бартараф қилиш ва бошқа комплекс чора-тадбирларни қабул қилиш мақсадида Ўзбекистон Президенти БМТ шафелигидаги Оролбўйи минтақаси учун Траст фонди имкониятларини самарали ишга солишни таклиф этди.

Энг муҳим устувор вазифа – минтақавий барқарорлик ва хавфсизликни таъминлашдан иборат эканини ҳисобга олиб, давлатимиз раҳбари Ўзбекистон замонавий таҳдид ва хавф-хатарларга кенг миқёсда қарши туриш учун мамлакатларимизнинг ҳуқуқни муҳофаза қилувчи идоралари ва махсус хизматларининг оператив ҳамкорлик қилиши бўйича ишчи механизмларни яратиш тарафдори эканини таъкидлади.

– Афғонистон минтақамизнинг узвий бир қисмидир. Ушбу диёрга тинчлик ва тараққиёт йўлига қатъий қадам қўйиши учун ёрдам бериш – барчамизнинг умумий манфаатларимизга тўлиқ мос келади. Муаммони сиёсий йўл билан ҳал қилиш борасидаги асосий тамойилларга амал қилиш зарур деб ҳисоблаймиз. Авваламбор, бу – зўравонликдан воз кечиш, ўт очишни тўхтатиш, мулоқот ва муросага тайёрликни намоён этишдан иборат, – деди Шавкат Мирзиёев.

Бундан ташқари, давлатимиз раҳбари таъкидлаганидек, Афғонистонда муҳим инфратузилма ва ижтимоий лойиҳаларни амалга ошириш, шунингдек, ушбу мамлакатни минтақавий савдо-иқтисодий алоқаларга фаол жалб этишга қаратилган келишилган ёндашувларни ишлаб чиқиш ўта муҳимдир.

Президентимиз бу устувор вазифалар Марказий Осиёда ҳамкорликни ривожлантириш бўйича Ягона қараш ҳужжатида ўз аксини топишига ишонч билдирди. 

Шавкат Мирзиёев учрашув иштирокчиларини ўзаро ҳамкорликнинг асосий мақсад ва тамойилларини келишиб олишга, инсон, капитал, товар ва хизматларнинг ҳаракати, шунингдек, кенг маданий-гуманитар алмашинувлар учун қулай шароитлар яратиб бериш, Марказий Осиёда дўстлик, яхши қўшничилик ва шерикликни мустаҳкамлашнинг амалий механизмларини шакллантириш ва йўлга қўйишга чақирди.

Туркманистон Президентининг таклифига биноан давлат раҳбарлари Қозоғистоннинг Биринчи Президенти - Элбоши Нурсултон Назарбоевни Марказий Осиё давлатлари раҳбарлари Маслаҳат учрашувининг Фахрий раиси этиб бир овоздан сайладилар.

Text to speech