O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Senatning birinchi majlisi boshlandi

Toshkent shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisi boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan. 

Unda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda.

 

 

Saylov kodeksiga muvofiq tadbirni Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulugʼbek Аbdusalomov ochdi.

Oʼzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangradi.

 

Majlisda Oliy Majlis Senatini shakllantirish ochiqlik va transparentlik kabi demokratik tamoyillar asosida milliy saylov qonunchiligi talablariga asosan amalga oshirilgani taʼkidlandi. Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining, viloyatlar, Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar va shaharlar mahalliy Kengashlarining Senat aʼzolari saylovi boʼyicha qoʼshma majlislarida 84 nafar senator saylandi. Yuqori palataning boshqa 13 nafar aʼzosi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlandi.

Senatning yangi tarkibi iqtisodiyot, huquq, fan, tibbiyot, madaniyat, ishlab chiqarish sohalari hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʼlgan hamda alohida xizmat koʼrsatgan eng obroʼli fuqarolardan shakllantirilganligi qayd etildi.

Majlisda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq soʼzlamoqda.

Davlatimiz rahbari yangi tarkibdagi Senat aʼzolarini yuksak nomga sazovor boʼlganlari bilan samimiy tabrikladi.

– Oliy vakillik organi aʼzosi boʼlish har bir senator uchun nafaqat katta sharaf, balki ulkan masʼuliyat ham ekanini barchangiz yaxshi tushunasiz. Senator – bu avvalo xalq va davlat ishonchini qozongan inson, – dedi Prezident.

Oʼzbekiston oʼz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qoʼygan keyingi uch yil Senat uchun ham oʼziga xos tub yangilanish va oʼzgarishlar davri boʼlgani taʼkidlandi. Mazkur organ tomonidan koʼrib chiqilgan qonunlar soni qariyb 230 taga yetgani va shundan 190 tasi soʼnggi uch yilda maʼqullangani ushbu yoʼnalishda katta ish qilinganini koʼrsatadi.

Bundan tashqari, Senatda ichki ishlar va tashqi ishlar vazirlarining axborotlarini, viloyat hokimlarining hisobotlarini eshitish yoʼlga qoʼyilgani ijobiy baholandi.

Majlis davom etmoqda. Unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashmoqda.

Text to speech