Namangan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimlari Is’hoqxon To’ra Ibrat majmuasiga tashrif buyurishdi
Joriy yilning 14 sentyabr kuni Namangan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimlari To’raqo’rg’on tumanida joylashgan Is’hoqxon To’ra Ibrat majmuasi va muzeyiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, milliy uygʻonish davrining yorqin namoyondalaridan biri, maʼrifatparvar shoir, olim, sayyoh, matbaachi va muallim Isʼhoqxon Toʻra Ibrat 1862 yili Namangan viloyatining Toʻraqoʻrgʻon qishlogʻida ziyoli oilasida tavallud topgan. Otasi Junaydulla xoʻja, onasi Hurbibi otin xat-savodli kishilar boʻlib, maktabdorlik qilishgan. Isʼhoqxon ota-onasi qoʻlida savod chiqarib, keyin turli maktab va madrasalarda oʻqiydi.
Ibratning milliy kutubxona, kitobxonlik ishlarining ilk tashkilotchisi va targʻibotchisi sifatidagi xizmatlari ham beqiyosdir. U asos solgan “Kutubxonai Isʼhoqiya” fondi bu jihatdan ancha boy boʻlib, kitob berish va olish maʼlum tartib-qoida asosida yoʻlga qoʻyilgan edi.
Ezgu va xayrli ishlari tufayli xalq hurmatini qozonib, qozilik darajasiga koʻtarilgan Ibratning ilm-fan, madaniyat, maktab-maorif sohasidagi jonbozligi ayrim gʻalamis mutaassiblarning gʻayrli munosabatlari tufayli koʻp toʻsiqlarga uchradi. 1937 yilga kelib esa uning barcha faoliyatiga chek qoʻyildi, kitoblari yoqib yuborildi. Oʻzi esa yovuz kuch – Stalin qatagʻoni qurboniga aylandi. Shuʼla zulmat qoshida mahv etildi. Faqat istiqlol davriga kelib adibning muborak nomi va benazir ijodi asl qadr-qimmatini topdi. Kitoblari chop etilib, oʻzi tugʻilib oʻsgan Toʻraqoʻrgʻonda Isʼhoqxon Ibrat muzeyi ham tashkil etildi.
Mazkur tashrif Namangan viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi xodimlarida katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti