Jamoat xavfsizligini ta’minlashda yangi tizim: hamma xizmatlar bir joyda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limiga tashrif buyurdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Tinchlik va sog‘likni ta’minlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz, deydi davlatimiz rahbari. Shu maqsadda mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Keyingi ikki yilda sohaga doir 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi.
Jumladan, ichki ishlar organlari barcha bo‘g‘inlarining tuzilmasi va vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin bo‘lishi uchun mahallalarda ishlaydigan bo‘ldi. Asosiy e’tibor jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasiga qaratildi. Buning uchun profilaktika inspektorlari soni qo‘shimcha 1 ming nafarga ko‘paytirildi, ularning bevosita joylarda samarali xizmat o‘tashi uchun munosib ijtimoiy-maishiy sharoit yaratib berildi.
“Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etilgani, 24 soat patrullik xizmati yo‘lga qo‘yilgani natijasida odamlarda “adolat va qonun ustuvorligi”ga ishonch paydo bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimi joriy etildi.
Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar bo‘limida ham shunday zamonaviy tizim tashkil etilgan. Tezkor navbatchilik qismi, profilaktika bo‘linmasi, tergov bo‘linmasi, jinoyat qidiruv bo‘linmasi, pasport xizmati, psixolog faoliyati, yong‘in xavfsizligi, tez yordam, favqulodda yordam va boshqa xizmatlar bir joyda mujassamlashgan. Shuningdek, xotin-qizlar bilan yaqindan ishlash uchun ayol inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Tezkor navbatchilik qismiga hududni tunu kun nazorat qilish imkonini beradigan videokuzatuv tizimi joriy etilgan. Bo‘lim tumandagi 7 ta mahallada yashovchi aholiga xizmat ko‘rsatadi.
Prezidentimiz poytaxt ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkiliy-shtat bo‘linmasini maqbullashtirish loyihasi bilan tanishdi. Unga ko‘ra, ichki ishlar xodimlarining 86 foizini quyi bo‘g‘inga tushirish, tuman hokimligi, prokuraturasi, soliq inspeksiyasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu taklifni ma’qullab, jinoyatchilikning oldi olinishi, buni odamlar sezishi uchun pastda tizim mustahkam bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
– Profilaktika ishlari tahlilga asoslanishi kerak. Har bir huquqni muhofaza qilish organida jinoyatchilikning joyi va turi bo‘yicha chuqur ma’lumot bo‘lishi, buning uchun davlat idoralari, jamoat tashkilotlari muntazam birga ishlashi zarur. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, jamiyatda ham jaholatga qarshi ma’rifat kuchli bo‘lishi lozim. Muhit shunday bo‘lishi kerakki, hech kim jinoyatga qo‘l ura olmasin, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz profilaktika inspektorlarini faoliyat samaradorligiga qarab rag‘batlantirish, professionallik darajasini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Profilaktika inspektorlari va ularning o‘rinbosarlarini o‘qitish, malakasini oshirish bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining maxsus filialini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Shu erda tezkor navbatchilik qismidagi innovatsion texnologiyalar, ichki ishlar xodimlarining o‘zaro xabar almashishini ta’minlaydigan «Minor» dasturi, xodimlar xizmat o‘tayotgan joy to‘g‘risida axborotni ko‘rsatish va tashvish xabarini jo‘natish uchun mo‘ljallangan «UzGPS» tizimi haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbari ichki ishlar bo‘limidagi yangi mutaxassislar - psixolog, voyaga etmaganlar va xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha profilaktika inspektorlari bilan suhbatlashdi.
– Xalq bilan ishlaydigan xodimlar psixologiyani chuqur bilishi, odamlarga ko‘mak, mehr berishi kerak. Jinoyatga qo‘l urgan yoshlar, xotin-qizlarning avvalo muammolarini o‘rganish, maishiy muammolari bo‘lsa, mas’ul tashkilotlar orqali yordam berish, ruhan qo‘llab-quvvatlash zarur. Shundagina ularning dunyoqarashi o‘zgaradi, natija bo‘ladi, – dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev mazkur ichki ishlar bo‘limidagi pasport xizmati xonasida bo‘lib, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish jarayonini kuzatdi. Jahon standartlari asosida tashkil etilgan tergov xonasini ko‘zdan kechirdi.
Ichki ishlar bo‘limi bazasida joylashgan favqulodda xizmatlarni tezkor boshqarishning yagona tizimi faoliyati amaliy ko‘rsatib berildi. Bunga «Qutqarish xizmati – 1050», «Yong‘in xavfsizligi – 101», «Tez yordam – 103», «Qo‘riqlash – 102» ekipaji, shtatdagi texnika va anjomlari bilan namoyish etildi. Bu favqulodda holatlarni tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz jamoat xavfsizligini ta’minlashning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga zamonaviy vertolyotlar ajratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xalqimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkaziladi.