Yangi mavzega zamonaviy shirkat xizmat koʼrsatadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni poytaxtimizning Mirzo Ulugʼbek tumani Аvayxon mahallasida bunyod etilayotgan koʼp qavatli uy-joylarni koʼzdan kechirdi.
Bu yerda jami 1 ming 120 ta xonadondan iborat 17 ta koʼp qavatli uylar qurilishi loyihalashtirilgan. Bugungi kunda 5 ta turar joy qad rostlab, ichki pardozlash ishlari olib borilmoqda. Bu haqda Prezidentning rasmiy saytida maʼlum qilingan.
Davlatimiz rahbari xonadonlardan birini kirib koʼrdi, uylarning qurilish texnologiyasi va energiya tejamkorligiga eʼtibor qaratdi.
Tashqi devorlar bazalt materiali bilan qoplangani ob-havo taʼsirini kamaytirib, xonadonlarning qishda isiq, yozda salqin boʼlishini taʼminlaydi. Yana bir samarali tomoni – bu toʼliq mahalliylashtirilgan mahsulot.
Prezidentimiz mahalliy materiallarni koʼproq ishlatib, uylarning narxini arzon qilish, ularni turli soha vakillari bilan birga kam taʼminlanganlarga ham ajratish boʼyicha koʼrsatmalar berdi. Kredit muddatini uzaytirish, ijaraga berish orqali kambagʼal oilalarni qoʼllab-quvvatlash muhimligini taʼkidladi.
- Shaharlarda odamlar kommunal xizmatlar sifatsizligidan norozi. Binolarni ekspluatatsiya qiladigan barqaror tashkilotlar, malakali kadrlar yetishmaydi. Yangi obʼektlar eski tarmoqlarga ulab qoʼyiladi. Butun kvartal birdaniga uzoqdagi stantsiyadan isitiladi. Аslida, aql bilan qilinsa, kommunal toʼlovlarni 50 foizgacha arzonlatish mumkin, - dedi Shavkat Mirziyoev.
Yangi mavzeda avtonom issiqlik stantsiyasi qurish, imoratlarni ekspluatatsiya qiladigan va sifatli xizmat koʼrsatadigan zamonaviy shirkat tashkil etish boʼyicha koʼrsatma berildi.
Hududda yana bir nechta 9, 16 va bitta 25 qavatli turar joy barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihada zamonaviy qurilish normalari bilan birga milliy qadriyatlarimiz, turli marosimlar uchun qulayliklar ham inobatga olingan. Barcha uylarni 2020 yil sentyabrda foydalanishga topshirish moʼljallangan.
Shuningdek, maktab, bolalar bogʼchasi, dam olish va sport maydonchalari, bolalar oʼyingohlari, koʼp qavatli avtoturargoh barpo etilishi loyihalashtirilgan.