O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

«Oliy Darajali Doʼstlik» ordenini taʼsis etish toʼgʼrisida

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 30 sentyabrda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 11 oktyabrda maʼqullangan

1-modda. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni taʼsis etilsin.

2-modda. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlansin (ilova qilinadi).

3-modda. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordenining tavsifi tasdiqlansin (ilova qilinadi).

4-modda. Oʼzbekiston Respublikasining 1995 yil 22 dekabrda qabul qilingan «Davlat mukofotlari toʼgʼrisida»gi 176–I-sonli Qonuniga (Oʼzbekiston Respublikasining 2018 yil 11 aprelda qabul qilingan OʼRQ–473-sonli Qonuni tahririda) (Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Аxborotnomasi, 2018 yil, № 4, 221-modda;
2019 yil, № 9, 589-modda) quyidagi qoʼshimcha va oʼzgartishlar kiritilsin:

1) 8-modda quyidagi mazmundagi ikkinchi qism bilan toʼldirilsin:

«Oʼzbekiston Respublikasining ordenlari tarkibiga «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni ham kiradi»;

2) 15-modda quyidagi mazmundagi sakkizinchi qism bilan toʼldirilsin:

«Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni koʼkrakning oʼng tomoniga yoki orden zanjirida taqiladi»;

sakkizinchi – oʼn toʼrtinchi qismlari tegishincha toʼqqizinchi – oʼn beshinchi qismlar deb hisoblansin;

oʼn ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

«Plankalardagi lentalarni taqib yurish qoidalari oliy mukofot belgisi – «Oltin Yulduz» medaliga, «Mustaqillik», «Аmir Temur», «Jaloliddin Manguberdi», «Oliy Darajali Doʼstlik» ordenlariga, shuningdek Oʼzbekiston Respublikasining faxriy unvonlariga doir koʼkrak nishonlariga nisbatan qoʼllanilmaydi».

5-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

 

Oʼzbekiston Respublikasining Prezidenti                                                               Sh. Mirziyoev

 

 

 

«Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni toʼgʼrisida

NIZOM

 

1. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni bilan Oʼzbekiston Respublikasi xalqining cheksiz hurmat va ehtirom ramzi sifatida Oʼzbekiston Respublikasi bilan oʼzaro doʼstlik, har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini barqaror rivojlantirishda, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni hal etishda yuksak siyosiy iroda namoyon etgan, faol tashabbuslarni ilgari surgan va koʼp qirrali hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga yangicha ruh, chuqur va amaliy mazmun bagʼishlagan hamda Oʼzbekiston Respublikasi oldidagi alohida eʼtirof etilgan yuksak xizmatlari uchun:

xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;

xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;

xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari;

atoqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, taʼlim va tarbiya, sogʼliqni saqlash, maʼnaviyat, madaniyat va sport sohalarining koʼzga koʼringan ulkan namoyandalari, insonparvarlik ruhidagi ezgu ishlari bilan nom qozongan metsenatlar, biznes hamjamiyatining taniqli vakillari mukofotlanadi.

2. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni bilan:

Oʼzbekiston Respublikasi bilan chet davlatlari oʼrtasida har tomonlama manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, oʼzaro hurmat va ishonchni kuchaytirishdagi shaxsiy hissasi;

xorijiy mamlakatlarning xalqlari bilan doʼstlik, hamjihatlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasida koʼrsatgan alohida xizmatlari;

umuminsoniy va milliy maʼnaviy qadriyatlarni, tarixiy merosimizni asrab-avaylash, oʼrganish va keng targʼib etish, turli xalqlar madaniyati va sanʼatini yanada boyitishdagi faol ishtiroki;

tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirish, yirik ijtimoiy-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, innovatsion gʼoya va texnologiyalarni yaratish hamda turli sohalarga tatbiq etishda erishgan salmoqli natijalari;

ilm-fan va maʼrifat, madaniyat, sanʼat va adabiyot, taʼlim, sogʼliqni saqlash va sport sohalarini, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish borasidagi katta yutuqlari;

inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlar va bolalarni qoʼllab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlashdagi koʼp yillik va fidokorona mehnati;

kuchli va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatimizni demokratik yangilashdagi roli va ahamiyatini oshirish, jamiyat va davlat oʼrtasidagi tizimli va samarali muloqotni yoʼlga qoʼyish va mustahkamlashdagi ulkan xizmatlari;

ekologik muammolarni hal etish, sayyoramiz va mamlakatimizda qulay atrof-muhitni taʼminlash, inson genofondini saqlash, bioxilma-xillik va tabiiy boyliklarni asrab-avaylash, hozirgi va kelgusi avlodning ekologik xavfsizligi haqida gʼamxoʼrlik qilishga qaratilgan koʼp yillik samarali faoliyati;

xalqaro miqyosdagi ulkan jamoatchilik, gumanitar va xayriya faoliyati uchun mukofotlanadi.

3. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni bilan Oʼzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar taqdirlanishi mumkin. Bunda «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslar uchun Oʼzbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti hisoblanadi.

4. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni bilan mukofotlash Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshiriladi. Orden bilan mukofotlash toʼgʼrisidagi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

5. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordenini va mukofotlash toʼgʼrisidagi tegishli hujjatni topshirish Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoki uning topshirigʼiga binoan boshqa mutasaddi rahbarlar tomonidan tantanali vaziyatda amalga oshiriladi.

6. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentini «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni bilan mukofotlash Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tashabbusi bilan amalga oshiriladi.

7. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni bilan mukofotlangan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti yoki esdalik sovgʼalarini oladilar, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.

8. «Oliy Darajali Doʼstlik» ordeni tegishli ketma-ketlikka rioya etgan holda koʼkrakning oʼng tomoniga yoki orden zanjirida taqib yuriladi.

Text to speech