Pullarni ko‘paytirish va’dasi ortidagi aldov
Andijon viloyati. Joriy yilning 8 oktabr kuni Andijon viloyati IIB Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasiga kelib tushgan xabarda noma’lum shaxs axborot texnologiyalaridan foydalangan holda Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro O.U.ning ishonchiga kirib, uning 18 000 000 so‘m mablag‘ini bank kartasiga o‘tkazib olgani ma’lum qilingan.
Mazkur holat yuzasidan joriy yilning 9 oktabr kuni Andijon viloyati IIB KQKB Tergov bo‘limi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari davomida mazkur jinoyatni Namangan viloyatida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan, muqaddam JKning bir nechta moddasi bilan sudlangan T.H. sodir etgani ma’lum bo‘ldi.
Tergovda aniqlanishicha, T.H. joriy yilning oktyabr oyida «Telegram»da boshqa bir treyder nomidan soxta kanal ochib, fuqaro O.U.ga pullarini ko‘paytirib berishni yolg‘ondan va’da qilib, 6–8 oktabr kunlari uning bank kartalaridan jami 18 000 000 so‘mni o‘z foydalanuvidagi bank kartasiga o‘tkazib olishga erishgan hamda qo‘lga kiritilgan mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Hozirda T.H. JKning 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni o‘z ixtiyori bilan qoplagan.
Endilikda T.H.dan jabrlangan boshqa fuqarolarni aniqlash va uning harakatlariga huquqiy baho berish choralari ko‘rilmoqda.
Tergov departamenti