Inson huquqlarini yanada mustahkamlash va himoya qilish sohasida hamkorlik masalalari muhokama etildi
2019-yil 9-oktyabr kuni Senatda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari Svetlana Artikovaning BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘limi rahbari Rishard Komenda bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Uchrashuvda inson huquqlarini yanada mustahkamlash va himoya qilish sohasidagi o‘zaro hamkorlik qilish masalalari muhokama etildi.
Qayd etilganidek, fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash masalasi jahon kun tartibidagi eng muhim masalalardan biri ekanligicha qolmoqda. Aynan shu sababli bu yo‘nalishdagi hamkorlikni va o‘zaro tajriba almashishni yanada mustahkamlashda xalqaro tashkilotlar va hukumatlar o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish zarur. Bunda Markaziy Osiyo mintaqasida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi muammolarni samarali hal etish yo‘nalishlarini izlash, muammolarni bartaraf etishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu munosabat bilan uchrashuvda xalqaro standartlar va normalarni O‘zbekiston Respublikasi milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilishni davom ettirishga urg‘u berildi.
Tomonlar inson huquqlari sohasida mamlakatda olib borilayotgan ishlar holatiga, jumladan Ombudsman faoliyatiga ham batafsil to‘xtaldilar. Shu o‘rinda odil sudlovga erishishga, shuningdek yoshlar huquqlarini targ‘ib qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tibor qaratildi. Qayd etildiki, bu va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikning kuchaytirilishi milliy huquqni himoya qilish organlari sa’y-harakatlarini yanada muvofiqlashtirishga, nafaqat mamlakat miqyosida, balki mintaqa ko‘lamida inson huquqlari sohasidagi muammolarning samarali yechimlarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘limi boshlig‘i Rishard Komenda O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish maqsadida inson huquqlarini targ‘ib qilishni davom ettirish bo‘yicha parlament va hukumat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibiga oid boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.