Rasmiy ma'lumot
Ma’lum qilamizki, “UzAuto Motors” kompaniyasining Ichki ishlar vazirligiga yo‘llagan murojaati yuzasidan Vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “Avto oltimish oy” mas’uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi (pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va “Avto oltimish oy” mas’uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati shaffofligini o‘rganish maqsadida, moliya-xo‘jalik faoliyati hujjatli taftishni o‘tkazish yo‘li bilan tekshiriladi.
Ayni vaqtda, “Avto oltimish oy” mas’uliyati cheklangan jamiyatining bosh ofisi va viloyatlardagi filiallarida mavjud buxgalteriya hujjatlarini aniqlab olish maqsadida, tergov guruhlari tomonidan tintuv tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, tadbirkorlik sub’ektining nazorat kirim-chiqim operatsiyalari nazoratga olinadi, lekin faoliyati to‘xtatib qo‘yilmaydi.
Taftish yakuniga ko‘ra, mazkur jamiyat mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga huquqiy baho berilib, jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti