Rasmiy bayonot: «Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasining muhbiri Davlatnazar Roʼzmetov YTH oqibatida vafot etdi.
Xorazm viloyati Qoʼshkoʼpir tumanida yashovchi 1971 yilda tugʼilgan “Jamiyat” gazetasining muhbiri sifatida faoliyat koʼrsatib kelgan Roʼzmetov Davlatnazar Shixnazarovich 2019 yilning 6 noyabr kuni soat taxminan 23:00larda “Urganch-Xiva” avtomobil yoʼlining 5-kilometrida yoʼlning qatnov qismini kesib oʼtayotganida, “Urganch-Xiva” yoʼnalishida harakatlanib kelayotgan 1979 yilda tugʼilgan S.U. oʼzining boshqaruvidagi “Gazel” rusumli avtomashinasining old-chap qismi bilan urib yuborgan.
Buning oqibatida Davlatnazar Roʼzmetov olgan tan jarohatlari tufayli hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Urganch tumani IIB huzuridagi Tergov boʼlimi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (“Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi yuzasidan sudga oid tibbiy va boshqa turdagi ekspertizalar tayinlangan.
Eslatib oʼtamiz, Roʼzmetov Davlatnazar 1971 yil 24 aprel kuni Xorazm viloyatida tugʼilgan, soʼnggi vaqtda «Jamiyat» ijtimoiy-siyosiy gazetasida muhbir boʼlib ishlayotgan edi.
Ushbu jinoyat ishi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan alohida nazoratga olindi.
Marhum D.Roʼzmetovning oila aʼzolari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.