Oltinkoʼl tumanida sodir etilgan jinoyat sabablari keng jamoatchilik bilan muhokama qilindi
Oltinkoʼl tumani Uyshin MFYda Аndijon viloyat IIB boshligʼi oʼrinbosari-Tergov boshqarmasi boshligʼi Ya.Abdulxakov, viloyat prokuraturasi, jamoat tashkilotlari, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida muhokama yigʼilishi oʼtkazildi.
Yigʼilishda 2020 yil 23 iyun kuni, tumanda sodir etilgan mudhish jinoyat, uning oqibatlari, jinoyatni kelib chiqishiga sabab boʼlgan holatlar atroflicha muhokama qilindi.
Sodir etilgan jinoyat tafsilotlariga koʼra, joriy yilning 23 iyun kuni soat 09:30 larda Uyshin MFYda yashovchi fuqaro N.J birga yashovchi akasi X.Yu bilan arzimas masala yuzasidan gap tortishib, oʼzaro janjallashishgan. Janjal vaqtida X.Yu ukasi N.J.ni chelak bilan urib yuboradi. Bundan gʼazablangan N.J oshxonada boʼlgan xoʼjalik pichogʼini olib chiqib, akasining oʼng koʼkrak qismiga bir marotaba pichoq uradi. Natijada, X.Yu.ga shifoxonada koʼrsatilgan tez-tibbiy yordamga qaramasdan u vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Oltinkoʼl tumani prokuraturasi tomonidan shu kunning oʼzida Oʼzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yigʼilishda soʼzga chiqqanlar, ushbu jinoyatning sodir etilishiga asosan masʼul xodimlarning befarqligi sabab boʼlganligiga urgʼu qaratishdi. Аtrof-muhitga loqayd va beparvo munosabat tufayli shunday mudhish jinoyatlar sodir etilayotganligi oʼkinch bilan tilga olindi. Shuningdek, kichik nizolarga va oʼzaro tortishuvlarga guvoh boʼlayotgan paytda atrofdagilarning majburiyatlari, tinchlikni saqlash oldidagi vazifalari, zudlik bilan oʼsha hududda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektoriga xabar qilish hamda boshqa bir qancha mavzularda soʼz yuritildi.
Bundan tashqari, har bir fuqaro bunday salbiy holatlarni sodir boʼlishini tomoshabin boʼlib kuzatib turishi emas, balki uni oldini olishga chin dildan harakat qilishi shartligi, oʼzining ogohligi va hushyorligi bilan masʼul ekanligi taʼkidlab oʼtildi.
Muhokama yakunida mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning salbiy oqibatlarini bu joyda ishtirok etganlarning barchasi oila aʼzolari, qarindosh urugʼlari hamda tanish-bilishlariga ibrat olish maqsadida yetkazishlari kerakligi aytilib, bu borada tegishli mutasaddilarga muhim chora-tadbirlar belgilab berildi.