O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash boʼyicha vazifalar belgilandi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishining joriy yilda kutilayotgan natijalarini koʼrib chiqish va 2020 yilda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlash vazifalarini belgilashga bagʼishlangan yigʼilish oʼtkazdi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan. 

Tadbirda yil yakunigacha qolgan qisqa vaqtda amalga oshirilishi zarur boʼlgan chora-tadbirlar muhokama etildi. Xususan, tarmoq korxonalarida mavjud zaxiralarni safarbar qilish, mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirish, neftь-gaz, elektr energetikasi, kimyo sanoati va boshqa yirik korxonalarning soliq qarzdorligini bartaraf etish boʼyicha vazifalar belgilandi.

Investitsiyalarni oʼzlashtirish holati ham tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari 31 ta loyiha boʼyicha qoloqlikka yoʼl qoʼyilgani, 8 ta hududiy loyiha samarasiz deb topilganini koʼrsatib oʼtdi.

Yigʼilishda iqtisodiyotda 2020 yil uchun belgilangan asosiy rejalarni taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot 5,5 foizga, sanoat 6,5, qishloq xoʼjaligi 4 va xizmatlar 5,7 foizga oʼsishi prognoz qilingan.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankka ushbu koʼrsatkichlarga erishishda yuzaga kelishi mumkin boʼlgan xavf-xatarlarni hozirdan toʼgʼri baholab, barcha idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xoʼjaligida katta rezervlar borligi, bu soha orqali toʼqimachilik, oziq-ovqat va charm-poyabzal sanoati, qayta ishlash tarmoqlarini jadal rivojlantirish mumkinligini taʼkidladi. Qishloq xoʼjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʼljallangan strategiyasi doirasida kelgusi yili amalga oshiriladigan chora-tadbirlar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Sanoat tarmoqlari, eng avvalo, metallurgiya, neftь-gaz va koʼmir qazib olish, kimyo, qurilish materiallari, avtomobilsozlik sanoatini barqaror rivojlantirish hisobiga tayyor mahsulotlar hajmini oshirish muhimligi qayd etildi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga iqtisodiyot tarmoqlarini kafolatlangan resurslar bilan taʼminlab, keyingi yilda ularning barqaror ishlashiga zamin yaratish vazifasi qoʼyildi.

Jahonda roʼy berayotgan turli iqtisodiy ziddiyatlar taʼsiriga eʼtibor qaratilar ekan, kelgusi yil murakkab va sinov yili boʼlishi taʼkidlandi. Zarur choralar koʼrib, mahsulot va xizmatlar eksportining joriy yilgiga nisbatan kamida 20 foizga oʼsishini taʼminlash yuzasidan koʼrsatmalar berildi.

Ichki bozorni isteʼmol tovarlari bilan toʼldirish masalasi ham atroflicha muhokama qilindi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining asossiz oʼsib ketishining oldini olish, buning uchun mahsulot yetishtirilishidan qayta ishlanib, bozorda sotilguncha boʼlgan jarayonni toʼliq qamrab olgan holda nazorat qilish boʼyicha masʼullar belgilandi.

Rejalashtirilgan 201 ta muhim investitsiya loyihasini oʼz vaqtida ishga tushirish, shuningdek, 2020-2022 yillar uchun moʼljallangan Investitsiya dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi qoʼyildi.

Hududiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi kichik biznes subʼektlari tashkil etish orqali kelgusi yili 400 mingga yaqin ish oʼrni yaratilishi koʼzda tutilgan. Davlatimiz rahbari mutasaddilarga shu boradagi ishlarni tizimli tashkil etib, belgilangan rejalarni sifatli bajarish boʼyicha topshiriqlar berdi.

Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar boʼyicha hisobotlar tinglandi, zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Text to speech