O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Kelgusi yilda islohotlarni jadallashtirish boʼyicha vazifalar belgilandi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 dekabr kuni 2020 yilda ustuvor yoʼnalishlar boʼyicha islohotlarni jadallashtirish, bu boradagi maqsadli parametrlarni belgilash va taʼminlash masalalariga bagʼishlangan yigʼilish oʼtkazdi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan. 

Jahon bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan bugungi kunda iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va uning raqobatbardoshligini oshirish – eng ustuvor vazifa, zamon bilan hamnafas boʼlishning muhim sharti ekani taʼkidlandi.

Bu masala davlatimiz rahbarining doimiy eʼtiborida boʼlib kelmoqda. Iqtisodiyotni liberallashtirish, teng raqobat muhitini shakllantirish, mahalliylashtirishni kengaytirish, energiya tejamkorligini oshirish kabi muhim yoʼnalishlar boʼyicha oʼnlab farmon va qarorlar qabul qilinib, biznes subʼektlariga zarur sharoitlar yaratildi.

Lekin islohotlar real hayotda oʼz aksini yetarli darajada topmayapti. Yigʼilishda turli sohalarda yoʼl qoʼyilayotgan kamchiliklar koʼrsatib oʼtildi, tegishli rahbarlarning faoliyati keskin tanqid ostiga olindi.

Masalan, energetika tizimidagi yoʼqotishlarni keskin kamaytirish, sotilgan elektr quvvatining hisobini toʼgʼri yuritish va debitor qarzdorlikni qisqartirish ishlari yetarli darajada olib borilmayapti.

Davlatimiz rahbari taʼkidlanidek, tabiiy gazni qazib olish, transportirovka qilish va taqsimlashda haqqoniy hisobga olish tizimi mavjud emas. Аyniqsa, gaz va elektr energiyasi taʼminotidagi uzilishlar odamlarimizning haqli eʼtirozlariga sabab boʼlmoqda.

Soʼnggi 3 yilda kadastr sohasini isloh qilish boʼyicha ham qabul qilingan 10 taga yaqin qaror haligacha toʼliq ishlab ketgani yoʼq. Masalan, yer ajratishning onlayn auktsion tizimi hanuzgacha joriy etilgani yoʼq, kadastr maʼlumotlarini raqamlashtirish ishlari yakunlanmagan. Hozirga qadar yerga boʼlgan huquqning yangi shakli va uni berishning ochiq-oshkora mexanizmlari ishlab chiqilmadi.

Qurilish sohasida bugungi kunga qadar eski standart va meʼyorlar saqlanib qolmoqda, dedi davlatimiz rahbari. Yangi innovatsion yechimlar va loyihalar ustida ishlovchi mutaxassislar tayyorlashga umuman eʼtibor berilmayapti.

Loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʼtkazish, qurilishga ruxsatnomalar berish va kelishish jarayonlari qogʼoz shaklida amalga oshmoqda. Mutasaddi tashkilotlarda oʼzaro elektron hamkorlik yoʼlga qoʼyilmagan.

Yigʼilishda transport sohasidagi muammolarga ham eʼtibor qaratildi. Misol uchun, yuk tashish tariflarining yuqoriligi bois mahsulotlar tannarxi balandligicha qolyapti. Аholiga qulay va arzon transport xizmatlari koʼrsatish talab darajasida emas.

Xalqaro taʼlim standartlarini joriy etishga yetarli eʼtibor qaratilmayotgani ham koʼrsatib oʼtildi. Prezident taʼkidlanidek, professor-oʼqituvchilar malakasini baholash mezonlari zamon talablariga mos kelmaydi.

Bunday nuqsonlarni bank-moliya, soliq, raqamli iqtisodiyot, korruptsiyaga qarshi kurash kabi boshqa sohalarda ham kuzatish mumkin.

Jahon bankining xulosasiga koʼra, iqtisodiyotimizda davlat ulushi hanuzgacha yuqoriligicha qolmoqda va bugungi kunda 50-55 foizni tashkil etadi.

Shu munosabat bilan, soʼnggi uch yilda qabul qilingan qarorlar ijrosini tanqidiy baholash orqali “oqsayotgan” 13 ta muhim yoʼnalishda tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʼyicha taʼsirchan choralarni ishlab chiqishga masʼul boʼlgan ishchi guruhlar tuzildi.

Davlatimiz rahbari ushbu ishchi guruhlar tomonidan joriy yil 20 dekabrgacha amalga oshirilishi zarur boʼlgan chora-tadbirlarni belgilab berdi.

 

Аvvalo, koʼrsatilgan har bir tarmoq boʼyicha soʼnggi uch yilda qabul qilingan hujjatlarni toʼliq xatlovdan oʼtkazib, ularning hayotga joriy etilish holatini tanqidiy oʼrganish kerakligi taʼkidlandi. Chunki ayrim qarorlarda oʼrnatilgan tartiblar amalda qoʼllanilmayapti. Masalan, Jahon banki ekspertlarining fikricha, Oʼzbekistonda tadbirkorlik sohasidagi 97 islohotdan 24 tasi toʼliq joriy etilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev qarorlarda belgilangan maqsadli koʼrsatkichlarga erishish holatini tanqidiy tahlil qilish, bunga toʼsqinlik qilayotgan muammolarni aniqlab, ularni har bir soha, yoʼnalish va hudud kesimida hal etish boʼyicha topshiriqlar berdi.

Mutasaddilarga 2020 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar, ularning masʼul ijrochilari, aniq muddatlari va moliyalashtirish manbalarini koʼrsatgan “yoʼl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qoʼyildi. Bu hujjatlarda har bir tarmoq va hudud boʼyicha qilinadigan ishlar hamda kelgusi yili erishiladigan marralar oʼz aksini topadi.

Islohotlarni jadallashtirish va “yoʼl xaritalari” ijrosini sifatli taʼminlash maqsadida har bir yoʼnalish boʼyicha “loyiha ofislari” tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Bunday tuzilmalarning asosiy vazifasi muayyan chora-tadbir boʼyicha aniq mexanizmlarni ishlab chiqish va ularni amaliyotga tatbiq etishdan iborat boʼladi.

Belgilanayotgan ishlar ijrosini sifatli tashkil etishga keng jamoatchilik, tadbirkorlar, xalqaro moliya institutlari mutaxassislari, xorijiy ekspertlarni jalb qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish xarajatlarini va mahsulot tannarxini kamaytirish, shu orqali raqobatbardoshligini oshirish 2020 yilgi eng ustuvor vazifa boʼlishi kerakligini taʼkidladi.

Tarmoqlar rahbarlari asosiy eʼtiborni investitsiyalarning samaradorligiga qaratishi muhimligi koʼrsatib oʼtildi.

Islohotlar ijrosi soʼzsiz taʼminlanishi uchun shunday nazorat tizimi belgilandiki, unga muvofiq, Oʼzbekiston Bosh vaziri har ikki haftada ishchi guruhlar tomonidan bajarilgan ishlar, aniqlangan muammolar va ularning yechimi yuzasidan ishlab chiqilgan takliflarni muhokama qilib boradi. Masʼul soha rahbari har oy aniq bir hudud misolida bajarilgan ishlar va ularning natijalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasida taqdimot oʼtkazadi. Maqsadli indikatorlarni taʼminlamagan rahbarning shaxsiy javobgarligi koʼrib chiqiladi.

Yigʼilishda muhokama qilingan masalalar boʼyicha ishchi guruhlar rahbarlari va ularga biriktirilgan masʼullarning axboroti tinglandi.

Text to speech