Milliy gvardiyaning huquqni muhofaza qilish funktsiyasi va vazifasining doirasi belgilanmoqda
Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi kun tartibiga kiritilgan “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Senat a’zosi Boymatjon Rasulov ta’kidlaganidek, Qonun Milliy gvardiyaning maqomi, vakolatlari, vazifalari va funktsiyalarini belgilash, shuningdek uning faoliyatining huquqni muhofaza qilish xususiyatini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonunga ko‘ra Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarga ega bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organdir.
Milliy gvardiyaning yangi tashkil etilgan bo‘linmalarida huquqni muhofaza qilish faoliyatini amalga oshirish vazifalari bo‘lganligi sababli, qonunda Milliy gvardiyaning huquqni muhofaza qilish funktsiyasi va vazifasining doirasi belgilanmoqda.
Xususan, jamoat tartibi va xavfsizligi, shu jumladan, ommaviy tadbirlar, mitinglar, yig‘ilishlar, namoyishlar o‘tkazilayotganda hamda fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashda, shuningdek tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda hodisalarni bartaraf etishda hamda huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish maqsadida jamoat joylarida patrullik qilishda ishtirok etish Milliy gvardiyaning asosiy vazifalari sifatida ko‘rsatilmoqda.
Belgilab qo‘yilishicha, Milliy gvardiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamkorlik qiladi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar esa Milliy gvardiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashishi shart.
Bundan tashqari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarish majburiyligi nazarda tutilmoqda. Qonuniylik, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etish, yagonalik, mustaqillik Milliy gvardiya faoliyatining asosiy printsiplari etib belgilanmoqda, ularning mazmuni va mohiyati ochib berilmoqda.
Qonunga ko‘ra, Milliy gvardiyaning tarkibi mustahkamlanmoqda. Jumladan, Milliy gvardiyaning tarkibiga markaziy devon, hududiy boshqarmalar, harbiy tuzilmalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa bo‘linmalar va tashkilotlar kiradi.
Shu bilan birga, Milliy gvardiya bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobdordir, Milliy gvardiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qo‘mondoni rahbarlik qiladi. Milliy gvardiya qo‘mondoni maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi. Bundan tashqari, Milliy gvardiyada harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi va shartlari, ularning huquqiy maqomi nazarda tutilmoqda.
Qonun bilan Qonun normalari talablaridan kelib chiqib, Jinoyat-protsessual kodeksga va “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar qayd etganidek, Qonunning qabul qilinishi Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi o‘z xizmat va harbiy majburiyatlarini ishonchli, tashabbus bilan va moneliksiz bajarashini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi.
Mazkur Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.