30 ta xususiy bandlik agentligi birorta ham fuqaroni xorijga ishga yubormagani tanqid qilindi
Keyingi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik ishlash uchun xorijga jo‘nab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami ko‘rsatish hamda moddiy qo‘llab-quvvatlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
2019 yil 25 oktabr kuni parlament Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “O‘zbekistonda migratsiya jarayonlari: muammo va yechimlar” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida bu boradagi ishlar atroflicha muhokama qilindi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – Xorijda vaqtinchalik Mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamentining mudiri, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mutasaddilari, xususiy bandlik agentliklari rahbarlari, migratsiya masalasiga aloqador vazirlik va idoralar vakillari hamda jurnalistlar qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 avgustda “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatda vaqtinchalik ishlash uchun chet elga ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash bilan birga, mehnat migrantlari va ular oila a’zolarining yashashi, mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratish borasida ham qator vazifalar belgilab berildi. Shuningdek, mehnat migrantlari va ularning oila a’zolari uchun uy-joy, maishiy sharoitlarni yaxshilash, moliyaviy yordam, hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish masalalarida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar qabul qilinishi ham nazarda tutilgan.
Albatta, bu ko‘rilayotgan choralar mehnat migrantlari va ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini yo‘lga qo‘yish, ularga har tomonlama ko‘maklashish, ijtimoiy va huquqiy muhofazalashda muhim omil bo‘lmoqda. Bu jarayonda, ayniqsa, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritishda tashqi mehnat migratsiyasi masalalariga jiddiy e’tibor qaratilayotgani, xususan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishi takomillashtirilgani, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingani katta ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur Qonun asosida 88 ta yuridik shaxs Xususiy bandlik agentligi sifatida Mehnat vazirligi reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ulardan 65 tasiga fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun litsenziya berilgan bo‘lib, bugungi kunda ularning 59 tasi o‘z faoliyatini samarali yuritmoqda.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuridik shaxslarning reyestrini shakllantirish 1 kunlik qisqa muddatda, litsenziya berish 3-5 kunda amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri davomida Xususiy bandlik agentliklari tomonidan 1655 nafar fuqaro chet elda, 77 nafar fuqaro respublikamiz hududida ishga joylashtirildi, 33 838 nafar fuqaroga maslahat va axborot xizmati ko‘rsatildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston tomonidan Rossiya, Koreya, Qozog‘iston davlatlari bilan tuzilgan hujjatlar yangilandi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaponiya va boshqa mamlakatlar bilan esa, ikki tomonlama shartnomalar imzolandi. Shuningdek, Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan yaqin aloqalar o‘rnatilib, uning rasmiy konstitutsiyasi ratifikatsiya qilindi, hozirda esa, yurtimizda mazkur tashkilotning vakolatxonasini ochish ishlari olib borilmoqda.
Shu bilan birga, tadbir ishtirokchilari mazkur sohadagi muammolarni ham atroflicha muhokama qildilar. Xususan, o‘tgan vaqt davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga va boshqa mas’ul idoralarga ayrim xususiy bandlik agentliklari faoliyati ustidan ko‘plab fuqarolarning salbiy murojaatlari kelib tushgani qayd etildi.
Deputatlar, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish maqsadida litsenziyaga ega bo‘lgan 65 ta xususiy bandlik agentliklaridan 30 tasi tomonidan birorta ham fuqaro shu kunga qadar xorijiy davlatlarga ishga yuborilmaganini tanqid qildilar.
Muhokamalar chog‘ida ko‘tarilgan masalalar – sohadagi muammolar ildizini chuqur o‘rganish, ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Deputatlar sohadagi muammolarga yechim topish, ayniqsa, xususiy bandlik agentliklari faoliyatini takomillashtirish masalasida parlament nazoratini kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratdilar.
Tanqidiy tahlillar asosida o‘tgan davra suhbati yakunida muhokama etilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.