O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Po’lat Bobojonovning 25 oktyabr – O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Avvalambor, bugungi qutlug’ sana – O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bayrami munosabati bilan barcha ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, ta’lim muassasalari professor-o’qituvchilari va tinglovchi-kursantlari hamda aziz faxriylarimizni samimiy tabriklayman.
Ushbu ayyomda o’z hayotini Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, fuqarolarimizning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, xalq manfaatlariga xizmat qilishni o’zining professional burchi deb biladigan azmu-shijoatli xodimlarimizning fidokorona mehnatlari alohida e’tirofga sazovor.
Hammamizga yaxshi ma’lumki, so’nggi uch yilda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoev rahbarligida O’zbekiston o’zining ochiq va konstruktiv siyosati hamda izchil islohotlari bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib, xalqaro maydondagi obro’si va nufuzi tobora ortib bormoqda.
Bugungi yangilanayotgan, o’zgarayotgan O’zbekiston o’z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko’tarilib, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” dadil qadam tashlamoqda.
Barcha sohalar singari ichki ishlar organlari tizimida ham keng ko’lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Soha tuzilmalarida ish sifatini zamon talablari asosida tubdan yaxshilash bo’yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, fuqarolarning haq-huquqlarini himoya qilish, shuningdek boshqa muhim ustuvor vazifalarni amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Faoliyatimizni takomillashtirish maqsadida vazirlik va hududiy ichki ishlar boshqarmalarining shtat birliklarini qisqartirish evaziga barcha shahar-tuman ichki ishlar organlarining tashkiliy tuzilmalari kuchaytirilib, yuzaga kelayotgan tezkor vaziyatga samarali ta’sir o’tkaza oladigan tizim yaratildi.
Ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, ularga o’z vaqtida va sifatli xizmat ko’rsatish, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini respublikaning barcha hududlarida tizimli va manzilli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida olisda joylashgan aholi punktlarida qo’shimcha bo’linma va tayanch punktlari tashkil etildi.
Rivojlangan mamlakatlar tajribasini o’rganish asosida, jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilmoqda. Respublikamizning poytaxti hamda yirik shahar va tumanlarida markazlashgan videokuzatuv tizimi orqali jamoat joylari, mahallalar, savdo majmualari, o’quv yurtlari, ko’chalar va aholi gavjum bo’lgan boshqa hududlardagi vaziyatni nazorat qilish tizimi yaratildi. Ushbu loyihalar huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatlarni fosh etish, kuch va vositalarni taqsimlash hamda vaziyat barqarorligini ta’minlashda yuqori samara beryapti. Mazkur tizimni bosqichma-bosqich barcha shahar-tumanlarda joriy etish va uning imkoniyatlarini yanada kengaytirish borasida keng ko’lamli ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashni kuchaytirish, tezkor-qidiruv, tergov, profilaktika, yo’l harakati va post-patrul xizmatlarini mustahkamlash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda ushbu o’zgarish va yangiliklar
o’z samarasini bermoqda desak ayni haqiqatni aytgan bo’lamiz. Jumladan joriy yilning o’tgan davri mobaynida respublika hududida sodir etilgan jinoyatlar 25,9 foizga (8899 taga), shu jumladan jinoyat-qidiruv yo’nalishi bo’yicha 33,5 foizga (7071 taga) kamayishiga erishildi, yurtimizda mavjud mahallalarning 4518 tasida, ya’ni qariyb 50 foizida umuman jinoyatlar sodir etilmadi.
Ayni vaqtda O’zbekiston jinoyatchilik ko’rsatkichiga ko’ra dunyo bo’yicha har yuz ming aholi soniga nisbatan jinoyatlar soni eng kam bo’lgan davlatlar 10 taligidan o’rin (9-o’rin) egallaganligi yuqoridagi fikrlarimizning yaqqol isbotidir.
Hurmatli hamkasblar!
Tizimimizda o’tkazilayotgan islohotlar ko’lami faoliyatimizning har bir sohaviy yo’nalishini qamrab olganligi barchangizga yaxshi ma’lum. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, har qanday islohotning samarasi uning o’z vaqtida, to’liq, sifatli va ko’zlangan natijaga yo’naltirib joriy etilishiga bevosita bog’liq.
Shu nuqtai nazardan, amalga oshirilayotgan islohotlarning maqsadlariga erishish uchun ichki ishlar organlarining har bir xodimi, egallab turgan lavozimining katta-kichikligidan qat’iy nazar, zimmasiga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan, vijdonan bajarishi, o’zini Vatan taqdiriga daxldor deb bilib, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo’lida bor bilim va tajribasini safarbar etishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, xalq, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilishi zarur.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, ichki ishlar organlari shunday ishlashi kerakki, toki xalq davlatdan rozi bo’lsin. Aynan shu talab tizimimizda amalga oshirilgan va davom etib kelayotgan islohotlarning asosi va maqsadi bo’lib xizmat qilmoqda. Xalq manfaatlariga xizmat qilish, chinakam xalqchil, xalqparvar bo’lish ichki ishlar organlari faoliyatining bosh mezoni bo’lib qolishi lozim.
Xodimlarimiz kundalik faoliyatini “Sadoqat, mas’uliyat, halollik” shiori asosida olib borishi, qonuniylikka, odob-axloq qoidalariga, xizmat intizomiga qat’iy rioya qilishi kerak. Rahbarlar mas’uliyatini oshirishimiz, muhtaram Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik har birimizning kundalik faoliyatimiz qoidasi bo’lishi lozim.
Har yili kasb bayrami munosabati bilan bir guruh xodimlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Bu yil ham Prezidentimizning Farmoniga asosan 25 nafar hamkasblarimiz davlat mukofotlariga sazovor bo’ldilar.
Davlatimiz rahbarining ichki ishlar organlariga ko’rsatayotgan doimiy e’tibori va g’amxo’rligi uchun barcha shaxsiy tarkib nomidan muhtaram Prezidentimizga minnatdorchilik bildiramiz.
Bundan tashqari, 26 nafar xodimga “polkovnik” maxsus unvoni berildi, shuningdek 400 nafardan ziyod xodimlarimiz turli idoraviy mukofotlar bilan rag’batlantirildilar.
Qadrli hamkasblar!
Sizlarni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu-baraka, mas’uliyatli va sharafli ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman.
Ishonamanki, o’z kasbiga sadoqatli, fidoyi xodimlarimiz zimmasiga yuklatilgan yuksak vazifalarni chuqur his etgan holda o’zlarining bor bilim, malaka va kuch-g’ayratlarini safarbar etib, sharafli burchlarini vijdonan bajarib, xalqimiz va Yurtboshimiz ishonchiga doimo munosib bo’ladilar.
Hamisha yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lsin!

Text to speech