Oʼzbekiston yoshlariga bayram tabrigi
Аziz oʼgʼil-qizlarim!
Barchangizni yurtimiz hayotidagi qutlugʼ bayram – Yoshlar kuni bilan samimiy tabriklab, oʼzimning chuqur mehrim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʼoyat mamnunman.
Bugungi kunda mamlakatimizda yangi Oʼzbekistonni barpo etishga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda azmu shijoatli yoshlarimizning oʼrni va taʼsiri tobora ortib borayotgani hammamizni quvontiradi.
Hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida, Vatan himoyasidek sharafli vazifani ado etishda millionlab yoshlarimiz sadoqat
va fidoyilik bilan xizmat qilmoqda. Siyosiy saviyasi yetuk, mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega yuzlab yigit-qizlar parlamentimiz va xalq deputatlari mahalliy kengashlarining aʼzosi sifatida davlat
va xoʼjalik boshqaruvi organlari hamda mahalliy hokimiyat idoralarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat koʼrsatmoqda.
Respublikamizda samarali ishlayotgan 227 mingga yaqin yosh tadbirkor va fermerlar, mohir hunarmandlar iqtisodiyotimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʼshmoqda. Yurtimizda ularni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda.
Bu haqda gapirganda, birgina “Yoshlar – kelajagimiz” dasturi doirasida yosh avlod vakillarining 7 ming 775 ta biznes loyihasiga
1 trillion 635 milliard soʼmdan ziyod imtiyozli kredit mablagʼlari ajratilib, shu asosda 40 mingga yaqin yangi ish oʼrni tashkil etilganini qayd etish lozim.
Аna shunday eʼtibor va gʼamxoʼrlik tufayli hududlarda 27 ta
“Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari hamda 157 ta “Yoshlar mehnat guzari” foydalanishga topshirildi. Ushbu majmualarda 2 ming
200 nafardan ortiq oʼgʼil-qizlarimiz oʼz tadbirkorlik faoliyatini boshlagani eʼtiborlidir.
Shu bilan birga, “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi boʼyicha barcha hududlarimizda 65 mingga yaqin yosh dehqonlarga 54 ming
232 gektardan ziyod yer ajratildi.
Аna shunday muhim chora-tadbirlar tufayli soʼnggi uch yilda
560 ming 200 nafarga yaqin yosh fuqaro ish bilan taʼminlandi.
Bu yil koronavirus pandemiyasi hamda Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida roʼy bergan ofatlar butun el-yurtimiz qatori yoshlarimiz irodasini ham sinovdan oʼtkazdi. Аna shunday ogʼir vaziyatlarda
ming-minglab oʼgʼil-qizlarimiz chinakam mardlik va jasorat koʼrsatib, barcha tengdoshlariga oʼrnak boʼldilar.
Xususan, mamlakatimizda tashkil etilgan “Saxovat va koʼmak” umumxalq harakatining asosiy ishtirokchilari ham yoshlarimiz ekani, Harakat doirasida Oʼzbekiston yoshlar ittifoqining 4 ming 500 nafar aʼzosi koʼngilli sifatida faol ish olib borayotgani tahsinga loyiqdir.
Sardoba suv omboridagi toshqindan talofat koʼrganlarga yordam
va koʼmak koʼrsatish maqsadida Yoshlar ittifoqining xayriya karvoni tashkil etilib, aholiga kiyim-kechak, sanitariya vositalari, oziq-ovqat mahsulotlari, shuningdek, katta miqdordagi oʼquv qurollari va sport anjomlari, badiiy adabiyotlar yetkazib berildi.
Oʼz navbatida, bunday ezgu ishlar Buxoro viloyatining kuchli dovuldan zarar koʼrgan Olot va Qorakoʼl tumanlarida ham amalga oshirilgani sizlarning vatanparvarlik va olijanoblik fazilatlaringizdan dalolat beradi.
Fursatdan foydalanib, ogʼir sinov kunlarida xalqimizga haqiqiy tayanch va suyanch boʼlib maydonga chiqqan Qurolli Kuchlarimizning mard va matonatli harbiy xizmatchilariga, jonkuyar shifokorlar, bunyodkor quruvchilar, saxovatli tadbirkorlarimizga, ilm-fan, madaniyat va sport sohasi vakillariga, Yoshlar ittifoqining faol aʼzolariga – barcha Oʼzbekiston yoshlariga chin qalbimdan minnatdorchilik bildiraman.
Vatanimiz, el-yurtimiz sizlar kabi fidoyi va jasur farzandlari bilan hamisha faxrlanadi!
Muhtaram yosh doʼstlarim!
Bugungi kunda zamonaviy ilm-fan va yuqori texnologiyalarni mukammal egallash har qanday davlat va jamiyat taraqqiyotining
hal qiluvchi shartiga aylanib borayotgani hech kimga sir emas. Аna
shu haqiqatni chuqur anglagan holda, biz navqiron avlodimizning ham jismoniy, ham maʼnaviy jihatdan barkamol boʼlib voyaga yetishi uchun bor kuch va imkoniyatlarni safarbar etmoqdamiz.
Shu maqsadda ulugʼ allomalarimiz nomidagi ixtisoslashtirilgan maktablar, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi, Fargʼona shahrida “Loyihalar fabrikasi” faoliyati yoʼlga qoʼyilgani, Prezident va ijod maktablari boʼyicha dasturlarimiz izchil davom ettirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum.
Iqtidorli yoshlarni yanada qoʼllab-quvvatlash uchun har bir hududda Yoshlar texnoparklarini barpo etishni boshladik. Umumiy qiymati 30 milliard soʼmdan ortiq boʼlgan “Yosh olimlar” amaliy va innovatsion loyihalar tanlovi eʼlon qilindi.
Karantin sharoitiga qaramasdan, 6 milliondan ortiq maktab oʼquvchilari, 468 ming talaba oʼquv dasturlarida belgilangan darslarni oʼz vaqtida va sifatli oʼzlashtirdi. “Online-maktab” loyihasi doirasida 17 ta fan boʼyicha 4 mingdan ortiq telemashgʼulotlar oʼtkazildi.
Bu jarayonga eng malakali pedagoglar jalb etildi, jumladan, Toshkentdagi Prezident maktabining xorijlik mutaxassislari tomonidan ham mahorat darslari olib borildi. Imkoniyati cheklangan bolalarni oʼqitishga alohida eʼtibor qaratilib, barcha darslar surdopedagog va surdotarjimonlar tomonidan tushuntirib borildi.
Oʼzbekistonning bu tajribasi YuNESKO, YuNISEF, Jahon banki kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda.
Bugungi shiddatli zamonda, global miqyosda raqobat kuchayib borayotgan murakkab vaziyatda yuksak intellektual salohiyatga ega kadrlarga ehtiyoj har qachongidan ham ortib bormoqda. Shu bois biz oʼz oldimizga qoʼygan ulkan va masʼuliyatli vazifalardan kelib chiqib, mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida tub oʼzgarishlarni amalga oshirmoqdamiz.
Jumladan, keyingi uch yilda respublikamizdagi oliy oʼquv yurtlari soni 60 foizga oshib, 116 taga yetdi. Ular orasida nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari borligi alohida eʼtiborga loyiq. Mamlakatimizda oliy taʼlim muassasalariga qabul kvotalari soni izchil oshirib borilmoqda. Аgar 2016-2017 oʼquv yilida bu raqam
58 mingtani tashkil etgan boʼlsa, joriy yilda 150 mingtaga yetadi. Yaʼni, bu yil maktab bitiruvchilarining 25 foizi oliy oʼquv yurtlarida oʼqish imkoniga ega boʼladi. Holbuki, 2017 yilda bu raqam 9 foizga teng edi.
Millat genofondini saqlash va davom ettirishning muhim omili boʼlgan yosh oilalarni qoʼllab-quvvatlash masalasi doimo eʼtiborimiz markazida boʼlib kelmoqda. Soʼnggi uch yilda 2 ming 668 ta yosh oilaga
uy-joy uchun 121 milliard 244 million soʼm boshlangʼich toʼlov mablagʼlari 20 yil davomida foizsiz qaytarish sharti bilan toʼlab berildi.
Barchamiz guvohmiz – bugun dunyo misli koʼrilmagan surʼatlar bilan keskin oʼzgarib bormoqda. Ijtimoiy hayotimizda koʼplab ijobiy jarayonlar bilan birga, yosh avlodning qalbi va ongini egallashga qaratilgan maʼnaviy tahdidlar ham tobora xavfli tus olmoqda.
Bunday murakkab vaziyatda farzandlarimizni zararli taʼsirlardan asrash, doimo hushyor va ogoh boʼlib yashash eng dolzarb vazifamiz boʼlib qolmoqda.
Yoshlarimizni ona Vatanimizga, mustaqillik gʼoyalariga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning isteʼdod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini roʼyobga chiqarish yoʼlida boshlagan katta ishlarimizni bundan buyon ham qatʼiyat bilan davom ettiramiz.
Аyni shu maqsadda yurtimizning barcha viloyat va tumanlarida, shahar va qishloqlarimizda yangi-yangi taʼlim dargohlari, madaniyat va sanʼat maskanlari, sport inshootlari barpo etilib, yoshlar ixtiyoriga berilmoqda.
Shular qatorida poytaxtimizda bunyod etilgan muhtasham “Gʼalaba bogʼi”, “Shon-sharaf” muzeyi, Toshkent shahrining tarix muzeyi, betakror Аdiblar xiyoboni farzandlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Yoshlarimizni jismoniy sogʼlom, maʼnaviy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun besh ijobiy tashabbus doirasida koʼplab stadionlar, suv havzalari, sport majmualari va saroylari barpo etilmoqda.
Eng muhimi, farzandlarimiz oʼrtasida sport bilan muntazam shugʼullanadigan, sogʼlom turmush tarzini oʼz hayotiy maqsadiga aylantirgan yigit-qizlar safi kengayib bormoqda.
Qadrli vatandoshlar!
Bugun jonajon Oʼzbekistonimizda erkin va obod, farovon hayot qurish yoʼlida biz boshlagan ulkan ishlarni davom ettirishga qodir boʼlgan yangi avlod shakllanmoqda.
Аziz oʼgʼil-qizlarim, hech qachon unutmang, xalqimiz, Vatanimiz sizlardan buyuk ishlarni kutmoqda.
Shu muqaddas ishonch va masʼuliyatni har tomonlama oqlash, unga munosib boʼlish – dunyodagi eng ulugʼ baxtdir. Shunday baxt, shunday sharaf barchangizga nasib etsin!
Sizlarni sevimli bayramingiz, azmu shijoat, goʼzallik va kamolot ayyomi – Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad tilayman.
Shavkat Mirziyoev,
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti