O‘zbekiston san'at muzeyini rivojlantirishning yangi konsepsiyasi taqdim etildi
Tokio shahrida dunyoga mashhur yaponiyalik arxitektor Tadao Ando O‘zbekiston davlat san'at muzeyini rivojlantirish konsepsiyasiga doir takliflarini taqdim etdi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Ma'lumki, poytaxtimizdagi muzeyni kompleks rekonstruksiya va modernizasiya qilish rejalashtirilgan.
Ushbu loyiha doirasida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik qilmoqda. Yaponiyalik arxitektor Tadao Ando shular jumlasidan.
Uchrashuvda me'mor tomonidan Venadagi "Al'bertina" muzeyi direktori Klaus Shryoder va "Al'ternativ Vel't" kompaniyasi prezidenti Adrian Barsan bilan hamkorlikda tayyorlangan taqdimot namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari ushbu loyihani muzey ishining zamonaviy talablari va me'morchilikdagi ilg‘or yechimlarni hisobga olgan holda tayyorlash yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.