O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Sirdaryo viloyati iqtisodiyoti uchun muhim va istiqbolli loyihalar bilan tanishildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Sirdaryo tumanidagi “Sirdaryo universal oyna” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

“Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan mazkur korxonada farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun shisha idishlar ishlab chiqariladi. O‘tgan yil iyun oyida faoliyat boshlagan korxonada qiymati 50,16 million AQSh dollarilik loyiha amalga oshirildi va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.  

Mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga shu paytgacha har yili 4 million dollarlik shisha flakonlar import qilinar edi. Ushbu korxona ishga tushgach nafaqat viloyatdagi, balki yurtimizdagi barcha farmatsevtika korxonalariga shisha idishlar etkazib berish imkoniyati yuzaga keldi. 

Korxonaga Germaniya, Chexiya va Fransiyada ishlab chiqarilgan eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilgan. Ular asosida mahalliy xomashyodan 100 dan ortiq turdagi shisha idishlar tayyorlanmoqda. 

Joriy yilda to‘la quvvat bilan ishlay boshlaydigan korxonada yiliga 102 million dona shisha idish ishlab chiqariladi, 2 million dollarlik mahsulot eksport qilish kutilmoqda. Korxonada 450 kishi ish bilan ta’minlangan.  

Prezidentimiz shisha idishlar ishlab chiqarish texnologik jarayonini, tayyorlanayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi. 

Shu erda “Sirdaryo universal oyna” korxonasi tomonidan klaster usulida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida ma’lumot berildi.  

Korxona yonida “Sirdaryo glass” MChJ tomonidan yangi texnologiya asosida bir vaqtning o‘zida farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati uchun uch xil rangli shisha idishlar tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning yillik quvvati 136,1 million dona mahsulot bo‘lib, bu 11,3 million dollarlik import o‘rnini qoplash imkonini beradi. 

Kelasi yil ishga tushiriladigan korxonada 500 ish o‘rni yaratiladi, yiliga 3,7 million dollarlik mahsulot eksportga yo‘naltiriladi. 

“Sirdaryo shisha” MChJ tomonidan shisha idishlar uchun kvars qumini qayta ishlash yo‘lga qo‘yilmoqda. Yiliga 438 ming tonna qum qayta ishlanadigan korxona uchun “Asaka bank”dan 5 million dollarlik kredit ajratiladi, 5,1 million dollar korxonaning o‘z mablag‘idir.  

“Sirdaryo universal oyna” va “Sirdaryo glass” korxonalarida  ishlatib bo‘lingan issiqlik energiyasidan foydalanib, sabzavotlarni Evropa tipidagi issiqxonada etishtirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, “Sirdaryo universal oyna” korxonasi yonida 10 gektarlik issiqxona barpo etiladi. Loyiha besh bosqichdan iborat bo‘lib, issiqxonalarni boshqarishning to‘liq avtomatlashtirilgan tizimi, suvni qayta sirkulyasiya qilish va yomg‘ir suvlaridan foydalanish, sifat nazorati, ishlab chiqarish, resurslar bilan ta’minlashning evropacha tizimini qamrab oladi.  

Ushbu issiqxonada yiliga 2,5 ming tonna mahsulot etishtirish, 6 million dollar atrofida sof daromad olish hamda 5 million dollarlik mahsulotni eksport qilish ko‘zda tutilmoqda. 

“Sirdaryo fish texnoloji” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yopiq suv aylanma tizimi orqali baliq etishtirish va qayta ishlash rejalashtirilgan. 2020 yilda ishga tushiriladigan loyiha samarasida yiliga 2 ming 750 tonnadan ziyod baliq etishtiriladi, tashqi bozorga 3 million dollar, ichki bozorga 2 million dollarlik mahsulot etkazib beriladi. 

“Sirdaryo glass” korxonasi tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash hamda konservalash yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu loyiha orqali yiliga 3 ming tonna mahsulot qayta ishlanadi, 140 ish o‘rni yaratiladi. Bu viloyatda etishtirilayotgan meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va eksport qilish hajmini oshirish imkonini beradi. 

Shu yerning o‘zida viloyatda investitsiya mablag‘lari asosida farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, Farhod GESini modernizatsiya qilish, Sardoba suv ombori qoshida kichik GES qurish loyihalari, “Sirdaryo golden fruts” MChJ tomonidan tumanda tashkil etilgan ko‘p tarmoqli logistika markazi taqdimotlari o‘tkazildi.

Mamlakatimizning Xitoy, Italiya va Qozog‘iston davlatlaridagi elchilari viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb etish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va eksport hajmini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida davlatimiz rahbariga ma’lumot berdi. 

Davlatimiz rahbari hamma o‘zgarishlar, ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar xalq uchun ekanini ta’kidlab,  ushbu investitsion loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish va tezroq ishga tushirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Text to speech