Prezident qarori amalda: ekspert-kriminalistika faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro anjuman
IIV Akademiyasida “Ekspert-kriminalistika faoliyati: muammolar, istiqbollar va innovatsiyalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Gibrid formatda o‘tkazilgan anjumanda SHHTga a’zo mamlakatlar, shuningdek Turkiya, Janubiy Koreya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Ozarbayjon, Belarus davlatlaridan soha mutaxassislari, mahalliy va xalqaro ekspertlar, xorijiy tashkilotlarning mintaqamizdagi vakolatxonalari vakillari qatnashdi.
IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov konferensiyaning dolzarb maqsadi va ahamiyatiga to‘xtalib, sud-huquq tizimini isloh qilishga qaratilgan izchil islohotlar mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlashda, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda mustahkam poydevor bo‘layotganini e’tirof etdi. Ta’kidlanganidek, bugungi murakkab sharoitda shaxsning ijtimoiy xavfli qilmish uchun aybliligini isbotlash ekspert-kriminalistika sohasiga innovatsion yondashuvlarni keng tatbiq qilishni taqozo etmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlarining ekspert-kriminalistika faoliyatini zamonaviy ilm-fan yutuqlarini keng joriy etgan holda yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tizim samaradorligini yangi bosqichga olib chiqdi.
Ishchan ruhda o‘tgan konferensiyada ekspert-kriminalistika sohasi oldida turgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari Najmiddin Turaxodjayev, Belarus Respublikasi Davlat sud ekspertizasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S. Yevmenenko, Qozog‘iston Respublikasi IIV Aqto‘be yuridik instituti boshlig‘i N. Muxametkaliyev, Rossiya Federatsiyasi IIV Ekspert-kriminalistika markazi boshlig‘i V.Kazmin, shuningdek asosiy ma’ruzachilar doirasida BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Hindiston, Ozarbayjon, Tojikiston davlatlari vakillarining chiqishlari tinglandi.
Ekspert-kriminalistika sohasida xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish, shaxsning ijtimoiy xavfli qilmish uchun aybliligini sudda ilmiy-texnik jihatdan asoslangan ishonchli dalillar bilan isbotlash jarayonlarini takomillashtirish, dalillarni to‘plashda zamonaviy fan va texnikaning ilg‘or yutuqlari, xususan, kriminalistik ilmiy usul va vositalarni qo‘llash, raqamli ekspertiza imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha muhim taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
Kunning ikkinchi yarmida anjuman qatnashchilari ekspert-kriminalistika sohasida qo‘llanilayotgan maxsus texnika va jihozlar, IIV Akademiyasida yo‘lga qo‘yilgan zamonaviy ta’lim jarayonlari hamda o‘quv-laboratoriya xonalarini ko‘zdan kechirdilar. Mehmonlarga soha uchun kadrlar tayyorlash istiqbollari va Kriminalistik ekspertizalar kafedrasi imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi. Ilmiy-amaliy konferensiya yakunida ishtirokchilarga sertifikat topshirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati