O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Prezident koronavirus bilan bogʼliq vaziyat boʼyicha xalqqa murojaat qildi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 18 mart kuni mahalla va oila masalalariga bagʼishlangan videoselektor yigʼilishining boshida koronavirus muammosiga toʼxtalib oʼtdi.Bu xaqida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy sayti xabar berdi.

Bugungi kunga kelib ushbu xavfli infektsiya 160 dan ortiq mamlakatda tarqaldi. Dunyo miqyosida kasallanganlar soni 190 ming nafarga yetdi, 7,5 ming oʼlim holati qayd etildi, 81 mingdan ziyod bemor tuzaldi. Epidemiya keng yoyilib ketgani sababli Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti uni pandemiya deb eʼlon qildi.

Ming afsuski, bu yuqumli xastalik mamlakatimizni ham chetlab oʼtmadi. Bugungi kunda yurtmizda unga chalingan bemorlar soni 15 nafarga yetdi.

Bu vaziyat oldindan toʼgʼri baholanib, Prezidentimiz topshirigʼiga muvofiq Respublika maxsus komissiyasi tuzilgan edi. Shu bois Oʼzbekistonga kasallikning ommaviy kirib kelishi va keng tarqalishining oldi olindi.

Hozirda 6 mingga yaqin kishi karantinga olingan. Odamlar gavjum joylarda ommaviy tadbirlar cheklangan. 16 martdan boshlab barcha taʼlim dargohlarida taʼtil eʼlon qilindi. 80 ming talaba markazlashgan holda uylariga joʼnatildi.

Har bir hududda hokimlar rahbarligida maxsus shtablar tashkil etilgan. Epidemiologik vaziyat boʼyicha har soatlik va kunlik maʼlumot tahlil qilinib, tezkor choralar koʼrilmoqda.

Tibbiyot muassasalari favqulodda ish rejimiga oʼtkazildi. Sihatgoh va oromgohlar karantin muassasalari sifatida moslashtirildi. Tibbiyot maskanlari dori-darmon, himoya va diagnostika vositalari bilan yetarli darajada taʼminlandi. Buning uchun byudjetdan zarur mablagʼlar ajratildi.

Xorijdagi yurtdoshlarimiz charter aviareyslari orqali Vatanimizga qaytarilmoqda. Chegaralarda harakat cheklandi, ammo transportda yuk tashish toʼxtatilgani yoʼq. Mamlakatimizga koʼplab xorijiy va mahalliy yuk tashuvchilar kirmoqda hamda chiqib ketmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev vaziyat toʼliq nazorat ostida ekanini alohida taʼkidlab, xalqimizga murojaat qildi.

– Bu hayotning koʼp ogʼir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini toʼgʼri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qatʼi nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, oʼtib ketadi.

Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiena va sanitariya qoidalariga har birimiz oʼz oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qatʼiy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, oʼz vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir.

Ikkinchidan, oziq-ovqat va boshqa kundalik isteʼmol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar koʼrilmoqda. Davlat soliq qoʼmitasi, Bosh prokuratura huzuridagi departament bu boradagi ishlarni kuchaytirishi kerak.

Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yoʼq. Аmmo koʼpga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim.

Barcha davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlar, muhtaram nuroniylarimiz, mahalla va xotin-qizlar, yoshlar birlashmalari faollari ommaviy axborot vositalari orqali xolis va haqqoniy, keng tushuntirish ishlarini kuchaytirishiga ishonaman.

Uchinchidan, majburiy taʼtil paytida farzandlarimiz oʼquv mashgʼulotlarini davom ettirishlari uchun Oʼzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yoʼlga qoʼyildi.

Teleradiokanallarimiz yoshlarning boʼsh vaqtini mazmunli oʼtkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid koʼrsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilьmlarni koʼpaytirishi lozim.

Hurmatli ota-onalarimiz oʼz farzandlarini jahon va milliy adabiyotimizning eng yorqin namunalari bilan tanishtirishga harakat qilsalar ayni muddao boʼlardi.

Yana bir muhim masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaziyatda ayrim masʼuliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va oʼzini “piar qilish”ni yaxshi koʼradigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi.

Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda notoʼgʼri, asoslanmagan maʼlumotlarni tarqatishga yoʼl qoʼymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim.

Аziz vatandoshlar!

Koronavirus pandemiyasining butun dunyo mamlakatlari qatori bizning ham iqtisodiyotimizga salbiy taʼsiri boʼlishi tabiiy.

Soʼnggi ikki haftada jahon bozorida neftning narxi (bir barrelь 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani oqibatida gaz eksportimiz tushumlari qisqarishi mumkin.

Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikamizga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi.

Xorijiy turistlar soni va tushum miqdori kamayishi mumkin. Bular, tabiiyki, yalpi ichki mahsulot va eksport hajmiga taʼsir qilmasdan qolmaydi.

Mening topshirigʼimga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq taʼtillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qoʼllamaslik tartibini joriy qilish choralarini koʼrmoqda.

Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin boʼlgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirishi zarur.

Bu jarayonda, avvalo, moliya va xomashyo bozorida beqarorlik yuzaga kelishiga yoʼl qoʼymaslik lozim.

Ikkinchidan, moliyaviy barqarorlikni saqlash hamda bozorlarda narx-navoning oʼsishini oldini olish zarur.

Uchinchidan, iqtisodiyotimizning bazaviy va hal qiluvchi tarmoqlari uzluksiz ishlashini saqlab qolish kerak.

Buning uchun har bir tarmoq, korxona va hudud kesimida manzilli va aniq tadbirlarni amalga oshirish lozim boʼladi.

Toʼrtinchidan, markazdan hududiy byudjetlarni va aholimizni qoʼllab-quvvatlash asosiy vazifalarimiz boʼlishi shart.

Butun xalqimiz aniq bilishi kerak: biz koronavirusga qarshi kurash faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida olib boryapmiz.

Jahon jamoatchiligini ham, xalqimizni ham vaqtida xabardor etib boryapmiz. Kerakli choralarni yanada kuchaytiramiz.

Bugun men ikki qoʼshni davlat – Qozogʼiston va Turkmaniston rahbarlari Qasim-Jomart Toqaev hamda Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qilib, bu boradagi oʼzaro hamkorlik, bir-birimizni qoʼllab-quvvatlash borasidagi barcha masalalarni kelishib oldik.

Koʼpni koʼrgan xalqimiz yanada jipslashib, ahil va hamjihat boʼlib, bu murakkab sinovlarni ham yengib oʼtadi, deb ishonaman.

Yana bir muhim masalaga barcha mutasaddilarning eʼtiborini qaratmoqchiman.

Soʼnggi yillarda sanitariya-epidemiologiya masalasiga jiddiy ahamiyat bermoqdamiz. Hozirda yurtimizda 2 ta respublika darajasidagi shifoxona, 14 ta viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari, 216 ta hududiy sanitariya-epidemiologiya muassasalari faoliyat koʼrsatmoqda.

Biroq, keyingi 25 yil davomida umuman eʼtibor bermaganimiz uchun aksariyatining moddiy-texnik bazasi, ayniqsa, laboratoriyasi, tibbiy anjom va jihozlari achinarli holatga kelib qolgani ham ayni haqiqatdir.

Shu sababli, bugungi kunda respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatini tubdan isloh qilish va faoliyati samaradorligini oshirish boʼyicha ishchi guruh tomonidan alohida qaror loyihasi tayyorlanmoqda.

Mazkur xizmatning asosiy faoliyati tibbiy va sanitar barqarorlik, jamoat salomatligini taʼminlash, kasalliklar profilaktikasi va sogʼlom turmush tarzini tashkil etishga qaratiladi.

Buning uchun viloyat hokimlari joylardagi sanitariya-epidemiologiya muassasalarini birma-bir aylanib, laboratoriya-diagnostika, tibbiy vosita va jihozlar bilan taʼminlanganlik darajasi, kadrlar salohiyati, oylik maoshi kabi muammolarni chuqur oʼrganishi zarur.

Ichki moliyaviy imkoniyatlar asosida ularni yil oxiriga qadar bartaraf etish, zaxiralar shakllantirish boʼyicha alohida dasturlar ishlab chiqib, bajarish lozim.

Bosh vazir respublika darajasidagi va Toshkent shahridagi muassasalarni birma-bir joyiga chiqib oʼrganish va zarur chora-tadbirlar qabul qilinishi hamda ijrosi uchun shaxsan masʼul boʼladi.

Аsosiy masala – moddiy-texnik bazani mustahkamlash, kadrlarni oʼqitish, ilm-fanni rivojlantirish, aholi salomatligi uchun mablagʼni ayamasligimiz zarur.

Text to speech