Prezident Termizdagi “Oila” markazini borib ko‘rdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
O‘tgan yili foydalanishga topshirilgan uch qavatli binoda viloyat va Termiz shahar “Oila” markazlari, “Oila” kutubxonasi, o‘quv zallari, fuqarolarni qabul qilish xonasi joylashgan. Shuningdek, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi viloyat bo‘limi, “Barqaror hayot” nodavlat notijorat tashkiloti, Ombudsmannning viloyat bo‘limi va boshqa jamoat tashkilotlariga ham xonalar ajratilgan. Bu ularning markaz bilan yaqin hamkorlikda ishlashida muhim o‘rin tutmoqda.
Keng va yorug‘ xonalar zamonaviy jihozlangan. Markaz qoshida masus o‘quv kurslari ham tashkil etilgan.
Viloyatda 600 mingga yaqin oilalar mavjud. Shundan 149 mingdan ziyodi yosh oilalardir. Markaz xodimlari “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” konseptual g‘oyasini hayotga tatbiq etish, ajrimlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratmoqda. Oilaviy munosabatlar va muammolar bo‘yicha tadqiqotlar olib bormoqda.
Davlatimiz rahbari oila qadriyatlarini o‘g‘il-qizlarga yoshlik chog‘laridan to‘g‘ri tushuntirish, hozirgi oilaviy muammolar bo‘yicha ilmiy ishlar qilib, hayotga tatbiq etish, xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassislarning bilimini oshirish zarurligini ta’kidladi. Asl milliy urf-odatlarimizni asrab-avaylash, yot g‘oya va rasm-rusumlar paydo bo‘lishi sabablarini tushuntirib, yoshlar ongini ulardan himoya qilish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Shu yerda Vazirlar Mahkakamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlash, xotin-qizlarni kasbga qayta tayyorlash borasidagi ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan Prezidentimiz Surxondaryoga ikki kunlik safarini yakunlab, Toshkentga jo‘nab ketdi.