O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibini qabul qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 yanvar kuni joriy yil 1 yanvardan boshlab Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi vakilining shunday yuqori va mas’uliyatli lavozimga – ShHT Bosh kotibligiga tasdiqlanishi tarixiy voqea ekanini ta’kidladi.
Birinchi marta mamlakatimiz fuqarosi xalqaro tashkilotning rahbari etib tayinlandi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti ochiq va konstruktiv muloqot uchun samarali maydon, ko‘p qirrali hamkorlikning ta’sirchan mexanizmi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga yuqori baho berdi.
ShHTning asosiy hujjatlarida mustahkamlanib qo‘yilgan mamlakatlarning suvereniteti, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va davlat chegaralarining daxlsizligini o‘zaro hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, tenglik, o‘zaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish kabi tamoyillarning asosiy roli qayd etildi.
O‘tgan davr mobaynida ko‘p tomonlama hamkorlikka doir salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirildi, ShHTning 30 ga yaqin ishchi organi muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Xorijiy davlatlar hamda xalqaro tuzilmalarning mazkur nufuzli tashkilot bilan sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishga qiziqishi tobora ortib borayotgani ta’kidlandi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjudligiga alohida e’tibor qaratdi. Xavfsizlikni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, turizm, qishloq xo‘jaligi hamda mintaqalararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar sifatida qayd etib o‘tildi.
Mamlakatimizda Tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida ShHTning Xalq diplomatiyasi markazi ta’sis etildi, Samarqand shahrida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil qilinmoqda.
O‘zbekiston tomonining tashabbusiga muvofiq Sindao sammiti yakunida ShHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qo‘shma murojaati hamda uni amalga oshirish bo‘yicha Harakat dasturi qabul qilindi.
Uchrashuv so‘ngida davlatimiz rahbari V.Norovga ShHT Bosh kotibi lavozimida omad va muvaffaqiyat tiladi.