O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

O‘zbekiston Prezidenti MDH mamlakatlari maxsus xizmatlari rahbarlarini qabul qildi

Bugun, 7 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashining Toshkentdagi yig‘ilishida ishtirok etadigan delegatsiyalar boshliqlarini qabul qildi. Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.

Prezidentimiz mehmonlarni qutlar ekan, O‘zbekistonda MDH doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni, jumladan, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurash borasidagi hamkorlikni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilayotganini ta'kidladi.

Xavfsizlikni ta'minlash sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash mamlakatimizning Hamdo‘stlikda 2020 yilgi raisligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etildi.

Tashkilotga a'zo davlatlar maxsus xizmatlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, shu jumladan tezkor axborot almashish hamda terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi.

Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashda, internet va boshqa axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan zo‘ravonlik va radikal qarashlarni targ‘ib qilish maqsadida foydalanishga chek qo‘yish borasida sa'y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta'kidlandi.

Mehmonlar samimiy qabul uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorlik bildirib, o‘z mamlakatlari rahbarlarining salom va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.

Uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashning boshqa dolzarb masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Text to speech