O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti
Следственный Департамент при Министерстве Внутренних дел Республики Узбекистан

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Hindiston Respublikasi Bosh vaziri bilan uchrashdi

18-yanvar kuni Gandinagar shahrida boʻlib oʻtayotgan “Joʻshqin Gujarat” xalqaro sammiti doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi bilan uchrashdi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.

Davlatimiz rahbarini samimiy qutlar ekan, Hindiston Bosh vaziri nufuzli Oʻzbekiston delegatsiyasining Sammit ishidagi ishtiroki uchun chuqur minnatdorlik izhor qildi.

Oʻzbekiston Prezidentining Hindistonga tashrifi oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi, shuningdek ikki mamlakat oʻrtasidagi izchil mustahkamlanib borayotgan doʻstlik va sheriklik munosabatlarining yana bir yorqin dalilidir.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining oʻtgan yili oktyabr oyidagi Hindistonga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarning amaliy ijrosi bilan bogʻliq masalalar, shuningdek Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi.

Tashrifdan soʻng oʻtgan vaqt davomida barcha yoʻnalishlardagi oʻzaro aloqalar faollashgani qayd etildi.

Oʻtgan hafta Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afgʻoniston ishtirokidagi birinchi uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida Toshkentda qoʻshma Tadbirkorlikni rivojlantirish markazi oʻz faoliyatini boshladi. Mamlakatimizda Hindiston sanoat konfederatsiyasi vakolatxonasi ochilishi koʻzda tutilmoqda.

Sammit arafasida Gujaratda Oʻzbekiston-Hindiston ishbilarmonlar kengashining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Hindistonlik hamkorlar bilan Toshkent shahrida ilgʻor axborot texnologiyalari texnoparki, Andijon viloyatida farmatsevtika zonasi tashkil etilmoqda.

Hindiston Eksimbanki bilan Oʻzbekistondagi ijtimoiy muhim loyihalarni moliyalashtirish uchun qiymati 200 million dollarga teng kredit liniyasi ajratish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Yangi oʻquv yilidan boshlab mamlakatimizda Hindistonning yetakchi oliy oʻquv yurtlari – “Amiti” va “Sharda” universitetlari oʻz ishini boshlaydi.

Davlat rahbarlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika tarmogʻi, zargarlik sanoati, qishloq xoʻjaligi, sayyohlik infratuzilmasini modernizatsiya qilish va boshqa yoʻnalishlardagi ustuvor loyihalar va hamkorlik dasturlari amaliy ijrosini jadallashtirish zaruriyatini qayd etdi.

Madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari boʻyicha fikr almashildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni faol rivojlantirish yoʻlida qatʼiy ekanliklarini tasdiqladilar.

Uchrashuv soʻngida Hindistonga uran yetkazib berish boʻyicha imzolangan uzoq muddatli kelishuvni oʻzaro almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Text to speech