Oʼzbekiston Prezidenti Italiya delegatsiyasini qabul qildi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 noyabr kuni mamlakatimizda tashrif bilan boʼlib turgan Italiyaning Lombardiya viloyati gubernatori Аttilio Fontana boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy saytida ma'lum qilingan.
Uchrashuvda Oʼzbekiston va Italiya oʼrtasidagi koʼp qirrali munosabatlarni kengaytirish, jumladan, Italiya va Yevropa Ittifoqining yetakchi industrial, intellektual va madaniy markazlaridan biri boʼlmish Lombardiya bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirishning istiqbollari koʼrib chiqildi.
Faol ishbilarmonlik aloqalari va oʼzaro almashinuvlarni yoʼlga qoʼyish, Italiyaning kompaniya va tashkilotlari bilan savdo, investitsiyalar, sanoat texnologiyalari, qishloq xoʼjaligi, sogʼliqni saqlash va turizm sohalarida qoʼshma dastur va loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Lombardiyaning taniqli universitetlari bilan yuqori malakali, avvalo, muhandislik ixtisosliklari boʼyicha mutaxassislar tayyorlash borasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Oliy darajadagi ikki tomonlama tadbirlarga tayyorgarlik koʼrish doirasida mamlakatimiz va Italiyaning ushbu hududi oʼrtasida oʼzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish boʼyicha "yoʼl xaritasi"ni qabul qilishga kelishib olindi.