O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytida ma’lum qilingan.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining kengayishi va mustahkamlanishida, turli sohalardagi serqirra hamkorlikning rivojlanishida kuzatilayotgan barqaror ijobiy tendensiyani katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda, ishlab chiqarish kooperatsiyasining ko‘lami kengaymoqda, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlik amalga oshirilmoqda.
Chegaraoldi viloyatlar hokimlari kengashi hamda Parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha komissiya yig‘ilishlari sheriklikni yanada kengaytirishda katta salohiyat va qat’iy intilish mavjudligini ko‘rsatdi.
Suhbat chog‘ida ilgari erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish, hududlararo hamkorlik imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish muhimligi alohida qayd etildi.
Prezidentlar mintaqaviy infratuzilma loyihalarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratdilar. Xususan, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish muhimligi va iqtisodiy dolzarb ekani ta’kidlandi.
Tomonlar ushbu loyihaning barcha ishtirokchilari o‘rtasida o‘zaro anglashuv mavjudligini va ular bo‘lajak hamkorlikka tayyor ekanini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Muloqot so‘ngida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz farovonligi va manfaatlari yo‘lida hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida intilishlari qat’iy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.